Yashil taraqqiyot uchun!

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Abdushukur Xudoyqulovich Hamzayev samarqandlik saylovchilar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda mahalliy Kengashlar deputatlari, ekolog olimlar, mahalla faollari, ta’lim, tibbiyot sohasi vakillari, yoshlar, partiya faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod A.Hamzayev o‘z saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari bilan saylovchilarni tanishtirdi.

Xususan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi o‘z oldiga qo‘ygan ulkan maqsad va vazifalardan kelib chiqib, muddatidan oldin o‘tkazilishi belgilangan prezidentlik saylovida “Yashil taraqqiyot uchun!” shiori ostida ishtirok etishga qaror qilganini ta’kidladi.

Nomzodning saylovoldi dasturida mamlakatimizda iqtisodiyotni isloh qilishga qaratilgan bir qator muhim tashabbuslar ilgari surilmoqda. Jumladan, “Yashil viza” dasturini joriy etish, tarmoqlar va hududlarning “yashil iqtisodiyotga o‘tish indeksi”ni ishlab chiqish, yuk tashishni yirik mashinalardan temir yo‘llarga o‘zgartirishga qaratilgan choralar alohida e’tirof etildi.

Ijtimoiy sohada davlat stomatologik klinikalarini rivojlantirish, shaharlar bosh rejalarini tuzishda kamida 30 foizli yashil maydonlar yaratish talabini mustahkamlash, shaharsozlik faoliyatida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, normativ hujjatlarni qabul qilishda atrof-muhitga ta’sirini baholash tizimini joriy etish kabi e’tiborga molik tashabbuslar ilgari surildi.

Shuningdek, nomzod saylovoldi dasturida aholining qulay atrof-muhitga ega bo‘lish huquqini ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishda quyidagilarga e’tibor qaratishini aytib o‘tdi:

Davlat ekologik siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilashga qaratilgan “Barqaror ekologik rivojlanish Strategiyasi” ishlab chiqiladi.

Yana bir muhim masala: ekologiya sohasidagi tarqoq qonunchilik hujjatlarini kodifikatsiya qilish orqali tabiiy resurslardan oqilona foydalanish tartibi va talablari yagona sohaviy kodekslar – Ekologiya kodeksi, Suv kodeksi, O‘rmon kodeksida mustahkamlanadi.

Bugun butun dunyo ekologik muammolar girdobida qolayotganini har birimiz yaxshi anglab turibmiz. Saylovchilar ham prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturidagi ana shu masala bo‘yicha takliflariga e’tibor qaratib, nomzodning saylovoldi dasturini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirib o‘tishdi.

Uchrashuv qizg‘in fikrlar, taklif, muhokamalarga boy bo‘ldi.