Yashirin sex fosh bo‘ldi

Jomboy tumani davlat soliq inspeksiya shtabida sektor rahbarlarining 2020 yil 28 fevraldagi qo‘shma farmoyishiga asosan tashkil etilgan ishchi guruh faoliyat yuritmoqda. Joylarda qonuniy ro‘yxatdan o‘tmay ish boshlagan tadbirkorlik sub’yektlarini rasmiy ogohlantirish, ularning faoliyatini qonuniylashtirish bo‘yicha amaliy ishlar davom etmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad, soliqqa tortish samaradorligini oshirish, mahalliy byudjetga qo‘shimcha manbalar yo‘naltirishdan iborat.

Bugun soliqqa to‘langan mablag‘ ertaga farzandlarimiz uchun bog‘cha, maktab qurilishi, yangi tibbiyot maskanlari, sport majmualari bunyod etilishiga ishlatiladi. Ammo o‘tkazilgan xatlov davomida noqonuniy faoliyat turlari ham aniqlanmoqdaki, kishini tashvishga soladi. Aslida insofli tadbirkor o‘zini ham, xalqni ham o‘ylab ish tutishi kerak.

Tumanimizda ro‘yxatdan o‘tgan “Vetonit” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishni qonuniy tashkil etgan. Ammo hujjatlarda ko‘rsatilgan yuridik manzilidan boshqa hududda suyuq oboy qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yashirin sex ochganini qanday izohlash kerak?

Shuningdek, “Akram omad servis” xususiy korxonasi tomonidan 0,22 gektar maydon noqonuniy egallab olingani, xodimlarni mehnat qonunchiligiga zid ravishda norasmiy ishga jalb etgani oydinlashdi.

Tadbirkorlik sub’yektlari rasman ogohlantirildi. Kelgusida bu kabi holatlar aniqlanganda huquqiy ta’sir choralari ko‘rilishi belgilandi.