Samarqand tumanida noqonuniy sex ochgan ayol ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Majburiy ijro byurosi Samarqand tuman bo‘limi xodimlari tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish bo‘yicha “Pulimug‘ob” mahallasida tekshirish o‘tkazildi.

Aniqlanishicha, fuqaro Shahnoza Shokirova xonadonida milliy shirinliklar ishlab chiqarish sexi tashkil qilgan. Bir dona uch kamerali va ikki dona bir kamerali pishiriqlar ishlab chiqarishga moslashgan elektr pechlarni umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab olgan.

Elektr energiyasidan noqonuniy yashirin ravishda foydalanib, xonadonida milliy shirinliklar ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. Aniqlangan holat bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Fuqaro Sh.Shokirovaning elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi oqibatida Samarqand tuman elektr tarmoqlari korxonasi manfaatlariga 130 mln. 558 ming so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazilgan. Bu haqda Majburiy ijro byurosi Samarqand tuman bo‘limi xabar bermoqda.

Mazkur holat yuzasidan Majburiy ijro byurosining Samarqand tuman bo‘limi tomonidan Sh.Shokirovaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 185-2-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.