Birinchi o‘zbek kosmonavti Solijon Sharipov ta’sischiligidagi MChJ mansabdorlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi nazoratga olingan

2020 yilning 3 dekabr kuni Toshkent shahar Chilonzor tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan “Megatek-Avto” MChJ ulushdorlari bilan bog‘liq holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, keyingi tergov harakatlarini olib borish uchun Toshkent shahar IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi ish yurituviga olingan.

O‘tkazilgan tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, joriy yilning 20 aprel kuni Jinoyat-protsessual kodeksning 83-moddasi 1,2-bandlariga asosan jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Mazkur qaror Bosh prokuratura tomonidan nazorat tartibida o‘rganib chiqilib, 2021 yil 29 aprel kuni bekor qilingan.

Dastlabki tergov jarayonida mol-mulkka qo‘yilgan taqiq yechilganligi holati yuzasidan Tergov departamenti tomonidan xizmat tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Haqiqatni aniqlash va holatga qonuniy baho berish maqsadida, jinoyat ishi IIV huzuridagi Tergov departamenti ish yurituviga olinib, “Megatek-Avto” MChJ hamda jinoyat ishiga aloqador “Grand Ravon Oil” MChJ va “Vodiy Grand Optima” MChJlarning barcha mol-mulklariga taqiq qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berishicha, mazkur jinoyat ishi departament tomonidan alohida nazoratga olingan va tergov natijalariga ko‘ra, qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.