Eng ko‘p ko‘rilgan ish firibgarlik bilan bog‘liq
Yoki viloyat sudlari tomonidan o‘tkazilgan brifing haqida
Odatda sud haqida gap ketganda hech kimga na hisobot, na axborot beradigan tuzilma ko‘z oldimizga keladi. Lekin yashirib nima qildik, yaqin to‘rt yilda tizim o‘zgardi. Boshqa idoralarni bilmadim, sudlar jamoatchilikka o‘z faoliyati haqida axborot beryapti.
Darvoqe, odamlar ichiga kirish haqida sudlarda yaxshi statistika bor. Xususan, tamomlangan jinoyat ishlarining yarmidan ko‘pi yoki 52,9 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan. Demak, har ikkita ishdan bittasi voqea joyi yoki jabrlanuvchining yashash manzilida ko‘rib chiqilgan.
Ta’kidlanishicha, bunday sud majlislari hisobot uchun yoki xo‘jako‘rsinga o‘tkazilayotgani yo‘q. Oddiy misol, yaqinda yo‘l-transport hodisasi sodir etgan yigit, jabrlanuvchi davolanayotgan manzilda sud qilingan. Aytilishicha, ayblanuvchi to‘plangan jamoatchilikning oldida izza bo‘lib, qilgan ishidan ming pushaymon bo‘lgan. Asosiysi, yig‘ilganlarning ko‘pchiligi holatdan o‘zlariga tegishli xulosa chiqargan.
Raqamlar so‘zlaganda
Masalan, viloyat sudlari tomonidan 2021 yil 9 oyi davomida 3467 nafar shaxsga nisbatan 2742 ta jinoyat ishlari ko‘rib tamomlangan, shundan 2038 ta ish bo‘yicha 2651 nafar shaxsga hukm chiqarilgan. Shuningdek, 704 ta ish bo‘yicha 816 nafar shaxsga nisbatan ishlar tugatilgan.
Sudlanganlarning 626 nafariga ozodlikdan mahrum qilish, 913 nafariga ozodlikni cheklash, 710 nafariga axloq tuzatish ishlari, 231 nafar shaxsga jarima, 17 nafariga majburiy jamoat ishlari, 2 nafar shaxsga muayyan huquqdan mahrum qilish hamda 21 nafar shaxsga nisbatan shartli hukm tayinlangan.
Darvoqe, sudlar tomonidan ko‘rilgan jinoyat ishlari bo‘yicha 271 nafar shaxs sud zalidan qamoqdan ozod qilingan.
Shu davrda viloyat sudlarining barcha instansiyalarida 18 ta jinoyat ishi bo‘yicha 36 nafar shaxslar oqlangan.
Oqlov ko‘pmi, kammi?
Oqlov masalasi yaqin o‘tmishimizda mumkin bo‘lmagan hodisa hisoblanardi. Sudga tushding, o‘tga tushding, degan maqol ayni damda urfga kirgan bo‘lsa ajabmas. Negaki, huquq-tartibot organlariga gumonlanuvchi sifatida chaqirildingmi, demak yakunda aybdorliging isbotlanib, tegishli jazo olarding.
Viloyat sudi raisi Olim Hayitovning aytishicha, hozir vaziyat butunlay o‘zgargan. Oddiy misol: bundan 5-6 yil avval sudlangan, lekin sharoitni ko‘rib turib yoki vaziyat taqozosi bilan sudlanganlar appelyasiya shikoyati bermagan. Tabiiyki, o‘tgan davr mobaynida ularning shikoyat berish muddati o‘tgan. Ammo viloyat sudi insoniylik nuqtai-nazaridan ularning arizalarini ko‘rib chiqib, da’vo muddati o‘tgan bo‘lishiga qaramasdan, ishni qayta ko‘rilishi choralarini ko‘rmoqda.
- Sudlarga yuklatilgan vazifa adolatni o‘rnatishdan iborat, - deydi O.Hayitov. – Ishni tashkil qilishda mazkur asosiy vazifadan chalg‘imasligimiz kerak.
Jinoyatlar jazolar yengillashtirilishi oqibatida oshyaptimi?
Axborotda qayd etilishicha, 670 ta jinoyat ishi taraflarning yarashganliklari munosabati bilan tugatilib, 763 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan.
Ichki ishlar organlari Probatsiya xizmati taqdimnomalari asosida qilmishidan chin ko‘ngildan pushayman bo‘lgan, o‘ziga tegishli xulosa chiqargan, jazoni o‘tash davrida tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tib, tartib-intizomga qat’iy rioya qilgan namunali xulq-atvordagi 1770 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinib, 372 nafar shaxsning jazosi yengilrog‘i bilan almashtirilgan.
Anjuman davomida yig‘ilganlarda tabiiy savol tug‘ildi: jinoiy jazolarning bunday taxlitda yengillashtirilishi yomon oqibatlarga olib kelmaydimi?
- O‘rinli savol, - dedi O.Hayitov. - Ammo masalaning bir tomonini hisobga olish kerak. Qaysidir bir jinoyatga jazo yengilligi uchun uning miqdori keskin ortyaptimi, u e’tibordan chetda qolmaydi. Misol uchun, viloyatda keyingi vaqtda firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat ishlari ko‘paygan. Albatta, holat yuzasidan tegishli organlarga taqdimnoma kiritish barobarida qonunchilikka tegishli o‘zgartish kiritish bo‘yicha takliflarimizni berganmiz.
Sudyalar xato qilmaydimi?
Matbuot anjumani davomida bu savolga ham batafsil javob qaytarildi.
- Tizimda ishlayotgan har bir sudya mustaqil. Lekin hammasi to‘liq adolatli qaror qabul qilyapti, deb bo‘lmaydi, albatta, - deydi O.Hayitov. – Chunki inson borki xato qilishi, malakasi, bilim yoki boshqa omillar sabab adashishi mumkin.
Va bu borada davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tizimga qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Oddiy misol, ilgari tizim xodimlarini yo‘l qo‘ygan xatosi uchun Sudyalar oliy kengashi ruxsati bilan tegishli chora ko‘rish mumkin edi. Ayni paytda bu ish bilan viloyat sudi malaka hay’ati shug‘ullanadi. Asosiysi, hay’at viloyat sudyalari konferensiyasida saylanadi va mustaqil faoliyat yuritadi. Kimdandir ruxsat so‘ramaydi, holatni o‘rganib, qonunbuzilishni aniqlasa, sudyaga nisbatan tegishli jazo chorasini ko‘rish vakolatiga ega.
Ma’muriy sudda qancha ish ko‘rildi?
Samarqand viloyati ma’muriy sudi raisi T.Fayziyevning ma’lum qilishicha, hisobot davrida viloyat ma’muriy sudi sudyalari tomonidan birinchi instansiyada 19 ta ish mazmunan ko‘rib, tamomlangan. Bu ishlarning 14 tasi qanoatlantirilgan, 4 tasi rad etilgan, bitta ish ko‘rmasdan qoldirilgan.
Samarqand tumanlararo ma’muriy sudi tomonidan ko‘rilgan 884 ta ishning 258 tasi qanoatlantirilgan bo‘lsa, 484 tasi rad etilgan. Ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha 46 ta xususiy ajrim chiqarilgan.