Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatgan deputatga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

2020 yil 28 mart kuni Qo‘qon shahar, Xuqandiy mavzesida yashovchi X.N. (1979 yilda tug‘ilgan, xususiy korxona rahbari, xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashi deputati) Respublika maxsus komissiyasining karantin qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, “Telegram” ijtimoiy tarmog‘ida ochilgan guruhlar a’zolariga Qo‘qon shahrida 2 nafar shaxsda koronavirus kasalligi aniqlanganligi va ular karantinga olinganligi haqida jonli tarzda audio yozuv orqali haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan uydirma va yolg‘on ma’lumotlarni tarqatgan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shumsutdinovning xabar berishicha, mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan 2020 yil 31 mart kuni X.N.ga nisbatan  JKning 244-5-moddasi (karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.