Yil boshidan buyon o‘qotar qurollar muomalasi bilan bog‘liq 207 holat qayd etildi

Bu haqda Prezident Administratsiyasi huzuridagi narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi ma’lum qildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda xavfsiz muhitni shakllantirish, huquqbuzarliklarning oldini olish va jamoat tartibini mustahkamlash yo‘nalishida belgilab berilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirish jarayonida huquq-tartibot organlari tomonidan o‘qotar qurollar va ularning o‘q-dorilari muomalasi ustidan samarali davlat nazorati o‘rnatilgan.

Agentlik muvofiqlashtiruvida Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Bosh prokuratura hamda boshqa vakolatli davlat organlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan idoralararo hamkorlik va aholi orasida olib borilayotgan keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari sohadagi qonunbuzarliklarning oldini olish, aniqlanganlarini tezlik bilan bartaraf etishda o‘z samarasini bermoqda.

Jumladan, Ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor-qidiruv va profilaktik tadbirlari natijasida joriy yil boshidan buyon o‘qotar qurollar muomalasi bilan bog‘liq jami 207 ta holat aniqlandi. Hududlar kesimida tahlil qilinganda, eng ko‘p holatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi (28 ta), Toshkent shahri (24 ta), Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida (21 tadan) qayd etilgan bo‘lsa, eng kami Namangan (5 ta), Andijon (7 ta) hamda Sirdaryo (9 ta) viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Qurollarning 87 tasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor tadbirlar natijasida aniqlangan, 120 tasi o‘tkazilgan targ‘ibot ishlari natijasida fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda topshirilgan.

Bundan tashqari, tadbirlar davomida 242 ta pnevmatik qurol hamda 5271 dona o‘q-dori aniqlanib, barcha ashyolar amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq tartibda rasmiylashtirildi.

Joriy yilning o‘tgan davrida bojxona organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar, nazorat tekshiruvlari va profilaktik choralar natijasida 28 ta qonunbuzilish holati aniqlangan. Mazkur holatlar bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida noqonuniy 18 ta pnevmatik va sovuq qurol, 98 dona o‘q, 114 dona gilza va 1 kilogramm 270 gramm portlovchi moddalar ushlab qolingan.