Yirik baliqchilik klasterlari barcha soliqlardan ozod etiladi
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi tashkil etilgan. Uning tarkibiga kiruvchi yuridik shaxslar 2023 yilgacha lichinka, baliq chavoqlari va tovar baliq yetishtirishdan, baliqchilik mahsulotlarini tayyorlash va qayta ishlashdan olingan daromadlari bo‘yicha YaSTdan ozod etilgan. Shuningdek baliq omixta yemlari (TIF TN kodi – 2309 90) 2019 yil oxirigacha bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod qilingan. Nihoyat, Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanida «Baliq ishlab chiqaruvchi» EIZ tashkil etilib, uning qatnashchilariga (tanlab olish mezonlari – bu yerda) imtiyoz va preferensiyalarning to‘liq spektri taqdim etilgan.
Loyihalarni moliyalashtirishga – foizlar kompensatsiya qilingan holda kreditlar
3 oy davomida «Ipoteka bank» ATIBning ustav kapitalidagi davlat ulushi ekv. $50 mln miqdorida oshiriladi. Mablag‘lardan zarurat bo‘lganda baliqchilikni rivojlantirish sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun foydalaniladi. Bank chuqur tahlillar asosida rentabellik, samaradorlik va pul oqimlarining kredit hamda ular bo‘yicha foizlarni o‘z vaqtida qaytarishni ta’minlaydigan loyihalarga kredit ajratadi.
Ko‘rsatilgan mablag‘lar evaziga berilgan kreditlarning yarmi tijorat foiz stavkasi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining kompensatsiyasi ko‘rinishida qaytadi. 2019–2020 yillarda baliqchilik sohasini rivojlantirishga kreditlar bo‘yicha, loyihalar hajmi va zarur valyuta turidan qat’i nazar, kompensatsiya berishning quyidagi shartlari amal qiladi:
- bank tomonidan o‘rnatilgan kredit stavkasining 25%i miqdorida – aylanma mablag‘larni to‘ldirishga (baliq chavoqlari, omixta yem, mineral o‘g‘it xarid qilishga) ajratiladigan kreditlar bo‘yicha;
- o‘rnatilgan kredit stavkasining 50%i miqdorida – naslli ona baliq va baliq uvildirig‘i, yopiq suv aylanma tizimi, qafas (sadok) qurilmalarida va boshqa intensiv usullarda baliq yetishtirishni tashkil etish, baliq mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash, inkubatsiya sexlari va reproduktorlarni tashkil etish, hovuzlar qurish va qayta ta’mirlash, maxsus texnika va boshqa asosiy vositalarni xarid qilish hamda barpo etish uchun bank tomonidan ajratiladigan kreditlar bo‘yicha.
Buning uchun ko‘rsatilgan davrda Jamg‘armaga har yili $15 mln o‘tkazib beriladi.
Imtiyozlar berilgan klaster shaklida rivojlantiriladi
Suv havzalariga va suv bilan uzluksiz ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘lgan baliqchilik xo‘jaliklarini bosqichma-bosqich intensiv usulda baliq yetishtirishga ixtisoslashtirishga qaror qilindi. Xususan, kompleks ishlab chiqarishga: inkubatsiya sexi, chavoq va tovar baliq yetishtirish, yuqori oqsilga boy baliq yemi, qayta ishlash va saqlashga ixtisoslashtirilgan baliqchilik klasterlari tashkil etiladi.
2019 yil fevralgacha salohiyatli tadbirkorlik sub’yektlari, moliyalashtirish manbalari hamda yer maydonlari aniqlanib, 2019–2021 yillarda baliqchilik klasterlarini tashkil etishning manzilli dasturi loyihasi tayyorlanadi.
Yillik baliq yetishtirish quvvati kamida 50 tonna bo‘lgan klasterlar 1.01.2019 yildan boshlab dastlabki 3 yil davomida barcha soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan ozod etiladi.
2021 yil 1 noyabrga qadar muddatda:
- naslli ona baliq, baliq uvildirig‘i, shuningdek, respublikada ishlab chiqarilmaydigan inkubatsiya, laboratoriya, intensiv usulda baliq yetishtirish, baliq ovlash, baliq mahsulotlarini qayta ishlash, muzlatish va saqlash uchun zarur bo‘ladigan asbob-uskuna, anjom, mexanizmlar va ularning ehtiyot qismlari, muqobil energiya ta’minoti uskunalari, melioratsiya ishlari uchun maxsus texnikalar va tirik baliq tashuvchi transport vositalari;
- chet el tashkilotlari va ularning sho‘’ba korxonalari, firma do‘konlari, dilerlik tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan baliqchilik xo‘jaliklari ehtiyoji uchun chetdan keltiriladigan omixta yem va mineral o‘g‘it (ammofos) bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi.
Bundan tashqari, baliqchiliq xo‘jaliklariga sun’iy suv havza maydonlarida yetishtirilgan baliq hosildorligidan kelib chiqib tabaqalashtirilgan yagona yer solig‘i stavkalarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu borada 2 oy muddatda aniq takliflar ishlab chiqilishi va kiritilishi lozim.
Aniqlik kiritilishicha, baliqchilik xo‘jaliklari – «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi a’zolarining O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga a’zoligi ixtiyoriy hisoblanadi (qolgan fermer va dehqon xo‘jaliklari uchun 1.07.2018 yildan Kengashga a’zolik majburiy hisoblanadi, tahr.).
Yer va suv bilan ta’minlaydilar!
Baliqchilik xo‘jaliklari yangi sun’iy suv havzalarini tashkil etishlari uchun yer uchastkalari ajratiladi. Bunda ikkita shart nazarda tutilgan:
- faqatgina intensiv usul va resurs tejamkor texnologiyalarni qo‘llash zarur;
- suv bilan kafolatli ta’minlash va yerlarning meliorativ holatiga salbiy ta’siri yo‘qligi bo‘yicha Suv xo‘jaligi vazirligining xulosasi talab etiladi.
1.04.2019 yilgacha baliqchilik xo‘jaliklari bilan suvdan foydalanish bo‘yicha shartnomalar tuziladi. Ular uchun belgilangan suv miqdorining kafolatli yetkazib berilishi ta’minlanadi. Suv tanqisligi sharoitida baliqchilik xo‘jaliklari o‘z mablag‘lari hisobidan sun’iy suv havzalariga boshqa manbalardan qo‘shimcha suv olib kela oladilar.
Shuningdek belgilanishicha, baliqchilik xo‘jaliklari sun’iy suv havza maydonlarida ichki kanal, melioratsiya va chuqurlashtirish bo‘yicha bajariladigan ishlar ularning o‘z mablag‘lari hisobidan, barcha kollektor va drenajlarda melioratsiya bo‘yicha bajariladigan ishlar esa Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi Axborot xizmati.