Yodnoma: Ijodkor do‘stim O‘ktam Niyozovni eslab
O‘ktam Niyozov bilan 1970 yilda kirish imtihonlari jarayonida tanishdik va bir-birimiz bilan yaqin bo‘lib qoldik. 1-kursning o‘rtalarida u uylanajagini, bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti ma’muriyatida ishlashini menga aytib qoldi.
Ko‘p o‘tmay ularning to‘yi bo‘ldi. Ungacha O‘ktamning barcha amakilari, ota-onasi bilan qalin bo‘lib qoldik. Ayniqsa, 1-kurs yakunida Urgut tumanida Xivashunoslik bo‘yicha material yig‘ishda jamoamiz aynan shu tumanda qishloq xo‘jalik bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan otasi - Shermuhammad Niyozov bilan ham suhbatdosh bo‘ldik.
Xullas, O‘ktamning 2-kursda uylantirishdi. Shermuhammad aka Xo‘jasihat qishlog‘idan 10 sotixcha yer uchastkasi olib, bir chekkasida ixchamgina uy-joy qurgan ekan. O‘ktamni uylantirib, kelinni o‘sha yerga tushirib keldi. "Uka, qalin do‘st ekansizlar, bular o‘rganguncha hovlining bir burchagidagi uyda sen ham tura qol", dedi. Yo‘q, demadim.
O‘ktam bilan darsda ham, kechqurun ham birga bo‘lardik, birga kitob o‘qiymiz, muhokama qilamiz, she’r va maqolalar yozamiz. Do‘stimning Zuhroga bag‘ishlab "Dilrabo, aqlimni olding noz bilan, aylayin ishqimni man dilroz bilan", degan baytini nafaqat men, butun guruhimiz yaxshi bilardi. Gohida Xo‘jasihat atrofidagi tokzorlardan chelakka yaxshi uzumlarni terib kelib yerdik. Shermuhammad aka va turmush o‘rtog‘i ham sarxil mevalardan keltirib berishardi. Zuhro birinchi farzandini ko‘rganda qaynonasi qarashgani keldi-yu, men yotoqxonaga chiqib ketdim.
Bu gaplarni shaxsiy munosabatim borligi uchun aytmayapman. To‘g‘ri, O‘ktam Niyozov juda tanilgan jurnalist emas edi. Lekin undagi qalb, undagi odamgarchilik hammada ham bo‘lavermasdi. "Zarafshon" tahririyatida birga ishladik, birga ijod qildik. Aka-ukalari bilan og‘ayni bo‘lib ketdik. Hatto otasi "Uka, yetti o‘g‘lim bor edi, sakkiz nafar bo‘ldi", deganlari esimda. Shermuhammad aka nafaqaga chiqqach, gohida uyiga chaqirib meni she’rlarimni o‘qib berishimni so‘rar edi, Kamoliddin Rahimovning ashulalarini eshitishga, matnlarning mag‘zini chaqishga undardi. Umuman, bu oilada ertalabdan kechgacha ma’rifat hukmron edi.
O‘ktam Niyozov bilan talabalikdayoq ixcham axborotlarga hammuallif bo‘ldik. Tahririyatda ishlaganda ham juda ko‘p voqeliklarga birga borib kelar edik. Xususan, kursdoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, ularning ko‘nglini olish ikkalamizning zimmamizda edi. To‘y-ma’rakalarimizda doimo bosh-qosh edi. Ehtimol shu tufaylidir, uni yo‘qotganimda boshqalardan ko‘ra ko‘proq qayg‘uga tushganman.
…Hovlisi oldidagi keksa tut do‘stligimizning guvohi. O‘z qo‘limiz bilan ekkanmiz, hozirgacha hosil beradi. Har yil yozda birgalikda tutxo‘rlik qilardik, oila a’zolari ham shunga ko‘nikib qolgan edi.
O‘ktam kamtar, har davrada o‘zining joyini biladigan odam edi. Ayniqsa, oilasiga, qizlariga munosabatini ko‘rib, havasim kelardi. Ukalari ham uning so‘zidan chiqmasdi. Ehtimol shu tufayli bo‘lsa kerak, bunday insonning yo‘qligi sog‘inchimni oshiradi. Mayli, ish joyini ham, jurnalistikadagi xizmatlarni ham aytmoqchi emasman, lekin bugun ana shunday oqil, hokisor insonlarga ehtiyoj tug‘ilyapti.
"Zarafshon" gazetasida ishlagan chog‘imizda O‘.Niyozov hech kimga erkalik qilmasdi. Chunki uni suyaydigan odam yo‘q edi. Bitta aybi - uzoq yo‘l yurishdan, bolalardan uzoqlashishdan qo‘rqardi. Shuning uchun ijodiy safarga borsa ham kechqurun albatta uyga qaytib kelardi. Endi bilsam, bu uning turmush o‘rtog‘i Zuhroga, farzandlariga juda katta mehr-muhabbati ekan.
Agar hayot bo‘lganida O‘ktam 70 yoshga to‘lardi. Lekin u bugun Zuhroning shirindan shakar qizlariga, metin irodali kuyovlariga, bobosining chirog‘ini yoqayotgan nevaralariga qo‘ygan mehr-muhabbatida yashab kelyapti. Shahnoza otasining izidan borib, Samarqanddagi oqila, tajribali adabiyot muallimlaridan biriga aylandi. Garchi do‘stimni sog‘insam-da, ana shular menga taskin beradi.
O‘ktamning joylari jannatdan bo‘lsin!
Farmon Toshev.