Yolg‘on axborot tarqatgan shaxsga 12 sutka ma’muriy qamoq tayinlandi

Yurtimizda koronavirus pandemiyasi keng tarqalishining oldini olish maqsadida zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Ana shunday murakkab bir paytda bu masalaga yuzaki qarayotganlar, aholi o‘rtasida vahima uyg‘otishga intilayotganlar ham afsuski, oramizda yo‘q emas.

Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlari DXX viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda Samarqand shahrining Urganch ko‘chasida yashovchi fuqaro Sh.I. o‘ziga tegishli bo‘lgan qo‘l telefoni orqali shu yilning 30 mart kuni telegramm ijtimoiy tarmog‘idagi “Taxtabozor” nomli guruhga ovozli xabar yo‘llab, yolg‘on ma’lumot tarqatganligini aniqladi. Bu fuqaro Samarqand shahar, O‘zbektrakti ko‘chasida istiqomat qiluvchi tanishi koronavirus infeksiyasiga chalinganligi oqibatida uni va oila a’zolarini bir guruh shaxslar olib ketganligi, shuningdek kasallikka chalingan ushbu shaxs yana bir necha kishilar bilan muloqotda bo‘lganligi, u yashagan mahalla ko‘chalarida maxsus transportlarda dezinfeksiya ishlari olib borilayotganligi hamda Samarqandda ham koronavirus aniqlanganligini bayon qilgan.

Ichki ishlar idoralari xodimlari tarqatilgan xabar yuzasidan uni va tanishlarini IIB binosiga olib borishni aytganida u IIB xodimi qonuniy talablarini bajarmasdan, faol qarshilik ko‘rsatib, ommani o‘ziga jalb etadi.

Sh.I. O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 194-moddasi 1-qismi va 195-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unga nisbatan 223.000  so‘m miqdorida jarima hamda 12 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

  Viloyat IIB axborot xizmati.