Karantin qoidalariga amal qilmasdan, huquq-tartibot xodimiga qarshilik ko‘rsatgan fuqaroga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Dunyoda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat murakkabligicha qolmoqda.

O‘zbekistonda 2020 yil 15 avgustdan karantin cheklovlari yumshatildi. Biroq jamoat joylarida ijtimoiy masofa (2 metr) saqlash, tibbiy niqobda bo‘lish talabi ham boshqa qator talablar bilan birga saqlanib qolgan.

Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramay, joylarda karantin qoidalari buzilayotgan holatlar hamon kuzatilmoqda.

Jumladan, 2020 yil 30 oktyabr kuni soat 23:00 da Chirchiq shahridagi Alisher Navoiy ko‘chasida Milliy gvardiya hamda IIB xodimlari tungi xizmat vaqtida, mast holatda, karantin qoidalarini buzib, tibbiy niqobsiz turgan fuqaro N.S.ga duch kelgan.

Xodimlar qonunbuzar fuqaroga karantin talablarini eslatib tanbeh berishganida N.S. faol qarshilik ko‘rsatgan holda o‘ng tirsagi bilan IIB xodimi S.A.ning yuz qismiga bir marta urib tan jarohati yetkazib, xizmat vazifasini bajarishiga to‘sqinlik qilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 31 oktyabr kuni shahar prokuraturasi tomonidan fuqaro N.S.ga nisbatan JKning 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.