Karantin qoidalarini mensimagan, xastalikni o‘ta og‘ir o‘tkazgan 17 yoshli o‘smir: «Iltimos, tuzalib ketishimga yordam beringlar»
O‘smirlar orasida karantin qoidalariga rioya qilish juda sust. Bu haqda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Barno Abdusamatova “Shifobaxshuz” telegram kanaliga ma’lum qildi.
Barno Abdusamatovaning aytishicha, karantin qoidalarini eng ko‘p buzayotganlar – o‘smirlar.
«Meni xavotirga soladigan masala o‘smirlar. Ular orasida karantin qoidalariga rioya qilish juda sust – ko‘chalarda ijtimoiy masofani saqlamaslik, tibbiy niqoblarni noto‘g‘ri taqish holatlari ko‘p kuzatilmoqda. Keksalar, o‘rta yoshdagi insonlar va hattoki, yosh bolalarda qoidalarga rioya qilishni ko‘ryapman. Negadir, o‘smirlar orasida bee’tiborlik ko‘p. Bu kuzatishlarimiz yoshlar orasida targ‘ibot ishlarini olib borishimiz kerakligini ko‘rsatmoqda. Shunday usullarda tushuntirish kerakki, ular bu bilan o‘zlarini, balki oila a’zolari va boshqa insonlarning ham salomatligiga xavf solayotganliklarini tushunib yetishlari lozim», dedi mutaxassis.
Uning ta’kidlashicha, «Yoshman, kuchliman, menga koronavirus nima», degan fikr bilan yurgan o‘smir yigit koronavirusni o‘ta og‘ir darajada o‘tkazgan.
«Menga hech narsa emas, men sport bilan shug‘ullanaman», deb yurgan o‘smir yigit ham koronavirusga chalingan. Kasallik belgilari bo‘lsa-da, shifokorga murojaat qilmagan. Bemalol ko‘chaga chiqqan, boshqalar bilan muloqotda bo‘lgan. Aslida - bu jinoyat. Tartib bo‘yicha, kasal odam o‘zini-o‘zi yakkalashi, bila turib boshqalarga virusni yuqtirishi noto‘g‘ri ish. Yigit shu darajaga yetdiki, juda og‘ir ahvolda statsionarga tushdi. Ota-onasining aytishicha, bola aytilgan ko‘rsatmalarga quloq solmay, o‘zi bilganicha ish tutgan. Kasallikni yengishda qiyinchiliklarga uchraganidan keyin, «Iltimos, tuzalib ketishimga yordam beringlar», deb qilgan ishlarimdan hozir juda afsusdaligini aytdi. Shifokorlarning sa’y harakatlari bilan o‘smir yigit tuzalib ketdi, hozir ahvoli yaxshi”, dedi koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Abdusamatova.
Barno Abdusamatovaning qo‘shimcha qilishicha, o‘smirlarda o‘ziga ishonch bo‘lgani yaxshi. Bu ruhiy tushkunlikning oldini oladi. Shu bilan birga kasallikka mas’uliyat bilan qarashni ham unutmaslik kerak.