Yoshlardan jinoyat emas, ezgu tashabbuslar kutamiz

Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarining ko‘payib borayotgani achchiq haqiqat. Ayrim hududlarda bu turdagi jinoyatlar umumiy jinoyatlarning 25 foizigacha yetmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, 2022 yilning birinchi choragida 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 189 taga oshgan. Jinoyatlarning 13 tasi xotin-qizlar tomonidan, 26 tasi oliy ta’lim muassasalari talabalari tomonidan hamda 169 tasi bandligi ta’minlangan, turli korxona va tashkilotlarda ishlovchi yoshlar tomonidan sodir etilganligi ayanchli holat deb baholandi.

Viloyat hokimligida videoselektor shaklida o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu masala mutasaddilar va yoshlar vakillari ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.

Viloyat hokimi E.Turdimov avvalo yoshlarning jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etishiga sabab bo‘ladigan holatlarni aniqlab, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish zarurligini ta’kidladi.

Xususan, yoshlarning ishsiz yoki biror bir foydali mashg‘ulot bilan band emasligi, e’tiborga muhtojligi, huquqiy savodxonligining pastligi ko‘p hollarda ularning noto‘g‘ri yo‘llarga kirib ketishiga sabab bo‘layotgani qayd etildi. Shu sababli huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorligida yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligi, huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni kuchaytirish zarurligi aytildi.

Muhokamada yoshlar o‘rtasida jinoyatchiliklarning oldini olish va ularni keskin kamaytirish bo‘yicha sektorlarda olib borilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi. Bu borada Samarqand, Kattaqo‘rg‘on shaharlari, Bulung‘ur va Jomboy tumanlari sektor rahbarlari tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birga olib borayotgan ishlari talab darajasida emasligi qayd etilib, sektor rahbarlari ogohlantirildi.

– Yoshlar – kelajagimiz, ertamiz egalari, degan gapni ko‘p aytamiz, lekin hamma ham buning mohiyatini anglamaydi, – dedi viloyat hokimi yig‘ilish yakunida. – Kelajagimizning qanday bo‘lishi yoshlarga emas, sizu biz, kattalarga bog‘liq. Ularga to‘g‘ri ta’lim-tarbiya berib, ezgu ishlarga yo‘naltirsak, orzu-maqsadlariga erishishlari uchun sharoit yaratsak, qo‘llab-quvvatlasak ertangi kunimiz yorug‘ bo‘lishini ta’minlagan bo‘lamiz.

Viloyat hokimligi axborot xizmati.