Yoshlarning istagi nima?

Ertangi kun egalariga e’tibor har qachon dolzarb ahamiyatga ega masala bo‘lgan. Ular orzu-istaklari, qiziqish va intilishlari bugun qo‘llab-quvvatlansa, kelajagimiz chin ma’noda ishonchli qo‘llarda bo‘ladi. Shu ma’noda davlatimiz rahbari barcha darajadagi rahbarlardan yoshlar bilan ishni yangicha tartibda tashkil etishni talab qilmoqda.

Shundan kelib chiqib, viloyat hokimi E.Turdimov Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi shaxsiy tarkibi bilan uchrashdi. Uchrashuvda 2019 yilda yoshlar, jumladan, Milliy gvardiya xizmatchilari uchun amalga oshirilgan va joriy yilda qilinadigan ishlar haqida so‘z bordi.

Qayd qilinganidek, 2018-2019 yillarda Milliy gvardiya xodimlariga Qorasuv massividagi uylardan 60 ta xonadon ajratilgan. Joriy yilda yana 30 ta xonadon topshiriladi.

2019 yil Milliy gvardiya viloyat boshqarmasiga qarashli ikkita harbiy qismning oshxonalarini ta’mirlash uchun mahalliy byudjetdan 860 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Mahalliy byudjetdan ajratilgan 500 milion so‘m mablag‘ hisobidan esa boshqarma xizmatchilariga 20 ta Qorabayir zotli ot olib berilgan. Shuningdek, 6 ta zamonaviy “Lifan” rusumli mototsikl xarid qilingan.

- Albatta, sizga munosib xizmat va yashash sharoitlarini yaratish borasidagi ishlarimiz joriy yilda yanada keng ko‘lamda davom ettiriladi, - dedi viloyat hokimi. - Buning uchun tabiiyki, sizning tashabbusingiz, sohadagi faolligingiz muhim ahamiyatga ega.

Darhaqiqat, o‘zaro muloqot chog‘ida joriy yilda yoshlar hayotiga oid masalalarda nimalarga ko‘proq e’tibor qaratilishi hamda ular oldiga qo‘yiladigan talab xususida fikr almashindi.

Xususan, viloyat hokimi yoshlarning bandligi, uy-joy ta’minoti, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilishini bildirdi. O‘z navbatida, yoshlardan joylardagi mavjud muammolarni hal etishda ijtimoiy faol bo‘lishni, vatanparvarlik va hamjihatlik xislatlarini namoyon qilishni so‘radi.

***

Yoshlarning tashabbusi va takliflarini o‘rganish, qayd etilgan masalalarni hal etishga amaliy ko‘mak berishga qaratilgan uchrashuvlar joylarda mahalliy hokimlar hamda boshqarma boshliqlari tomonidan ham o‘tkazildi.

Xususan, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyazov Past Darg‘om tumani tibbiyot birlashmasida sohada faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan uchrashdi.

Samimiy muloqot ruhida kechgan uchrashuvda tizimda mehnat qilayotgan yoshlar o‘nga yaqin tashabbus va takliflarini hamda muammolarni bildirishdi.