Yurish, badantarbiya – saratonga qarshi kurashning eng samarali usuli

Samarqand shahrida saraton kasalligining oldini olishga bag‘ishlangan ommaviy yurish marafoni o‘tkazildi.

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali tashabbusi bilan “Sog‘lom turmush tarzi saraton kasalligining oldini olishda ishonchli kafolatdir” shiori ostida tashkil etilgan marafonda 400 nafardan ortiq tibbiyot xodimlari ishtirok etdi.

Marafonda Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog‘i hududi bo‘ylab 5 kilometr masofada yurildi.

- Bugungi kunda har qanday kasallikning oldini olishning eng samarali usuli sog‘lom turmush tarziga amal qilishdir, - deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali bolalar onkologi Bahodir Boyqobilov. – Shu jumladan, onkologik kasalliklarda ham. Sog‘lom turmush tarzi, deganda ko‘pchilik to‘g‘ri ovqatlanish, gigiyenik talablarni tushunadi. Bu jarayondagi muhim talab – ertalabki badantarbiyani bajarishga ko‘pchilik hafsala qilmaydi. Shu bois bugungi marafonni aynan onkologik kasalliklarning oldini olishga bag‘ishladik. Bu orqali xalqimizni sog‘lom hayotga chorlab, badantarbiya mashqlarini ommalashtirishga o‘z hissamizni qo‘shishni maqsad qilganmiz.

Yurish marafoni ishtirokchilari belgilangan masofani bosib o‘tgach, yengil badantarbiya mashqlarini bajarishdi. Tadbir yakunida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali tomonidan onkologik kasalliklarning oldini olishga bag‘ishlangan bukletlar tarqatildi.

Alisher ISROILOV.