JSST: 2050 yilga kelib saraton kasalligi 75 foizga oshadi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) dunyo bo‘ylab saraton kasalligining ko‘payishidan ogohlantirmoqda. Kasalliklar soni 2022 yildagi 20 milliondan 35 millionga ko‘payishi kutilmoqda.
Ta’kidlanishicha, saraton kasalligining ko‘payishi kam ta’minlangan guruhlarga nomutanosib ta’sir ko‘rsatadi. 2022 yilda 20 million yangi saraton kasalligi va 9,7 million o‘lim qayd etilgan. Biroq, tashxisdan keyin 5 yil yashaganlar soni 53,5 millionni tashkil etgan. Taxminan har besh kishidan biri hayoti davomida saraton kasalligiga chalinadi va har to‘qqizta erkak va har o‘n ikki ayoldan biri bu kasallikdan vafot etadi.
JSST saraton kasalligining ko‘payishi keksayish, shuningdek, xavf omillari ta’sirining o‘sishi bilan bog‘liqligini ta’kidlaydi. Ya’ni, tamaki, alkogol, semirib ketish va havo ifloslanishi kasallanishning ko‘payishining asosiy omillari sifatida belgilangan.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, asosan o‘pka saratoni dunyo bo‘ylab eng keng tarqalgan. Ikkinchi o‘rinda ayollar ko‘krak bezi saratoni, uchinchi o‘rinda yo‘g‘on ichak saratoni qayd etilgan va aynan shu turiga yo‘liqqanlarda o‘lim holatlari nisbatan ko‘proq.