Yurtimizda koronavirus yuqtirganlar soni nima sababdan ortib bormoqda?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov quyidagilarni ma’lum qildi:
– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus kasalligi bilan ro‘yxatga olingan bemorlar soni 534 nafarni tashkil etdi. Virusologiya ilmiy-tekshirish institutidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu institut klinikasida davolanayotgan 98 nafar bemorning 25 nafarida pnevmoniya belgilari kuzatilyapti, 7 nafarining ahvoli og‘ir. Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish institutida davolanayotgan 69 bemordan 3 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanyapti.
Mamlakatimizda karantin tadbirlari davom etyapti. Shu paytga qadar 180 mingga yaqin odam karantin muddatini o‘tab, kasallik tasdiqlanmaganligi uchun uyiga javob berildi. Hozirgi paytga kelib 86 ming nafardan ko‘proq fuqaromiz uy va statsionar sharoitida karantin tadbirlarini o‘tayapti. Statsionar sharoitda karantin tadbirlarini o‘tayotganlar soni 23 mingdan ko‘proqni tashkil etadi.
Keyingi paytlar kasallik ko‘rsatkichi tobora ortib borayotganidan xabaringiz bor. Kuni kecha bir kunning o‘zida koronavirus infeksiyasiga 5 ming 800 dan ko‘proq tahlil o‘tkazildi. Natijada 0,87 foiz holatda kasallik aniqlangani ma’lum bo‘ldi. Bundan ko‘rinib turibdiki, kasallik aniqlanishi umumiy tekshirishlar soniga nisbatan hali yuqori foizni tashkil etayotgani yo‘q. Lekin mutlaq sonda kasallik ortib borishining asosiy sababi biz karantin muddatini o‘tayotgan odamlar orasida tekshirishni ko‘proq amalga oshirayotganimizda.
Karantin davrida sabr-qanoat bilan aytilgan tavsiyalarga itoat qilgan holda uyda qoladigan bo‘lsak, kasallikka chalinmaymiz. Kasallik keng ko‘lamda tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Shunday ekan, kasallik ortishiga sababchi bo‘lmayman, desangiz uyda qoling va aytilgan tavsiyalarga to‘liq rioya qiling. Hamjihatlik, tartib-intizom bo‘lsagina bu kasallikni yenga olamiz. Dunyodagi vaziyat barchamizni ogohlikka chorlashi kerak!