Yuz yillar avval, murakkab, qattol zamonlarda xalq ziyolilari nega o‘limni bo‘yniga olib, gazeta chiqarishgan edi?
“So‘z - zabarjad, so‘z - gavhar, oltin”, degan edi O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov. Darhaqiqat, so‘z mo‘’jizasi - inson ongu qalbiga, ruhiyatiga ta’sir etish qudrati uning naqadar bebaho ne’mat ekanligini ko‘rsatadi.
So‘zning aloqa va muloqot vositasi sifatidagi beqiyos ahamiyati, ta’sirchanligi gazetachilikda yaqqol seziladi. Jurnalistning lug‘at boyligi u yozgan asarlarning muvaffaqiyatini ta’minlaydi.
Gazetalar - jamiyat ko‘zgusi, ayni paytda voqelikni aniq dalillar asosida, tahliliy yondashuvlar bilan yorqin bo‘yoqlarda aks ettiradigan ishonchli manba.
Shu bois insonlar so‘nggi asrlarda dunyoni gazetalar orqali anglashga intilib kelmoqdalar. Shu bilan birga, o‘z fikr-mulohazalarini, taklif va tashabbuslarini, jahonga, davlat hokimiyati organlariga, jamiyatga aytar so‘zini ana shu mo‘’jizaviy vosita orqali bildirishga harakat qilishyapti.
Bu haqda o‘ylaganda Samarqandda qariyb 110 yildan buyon chop etib kelinayotgan “Zarafshon” gazetasi xayolimda jonlanadi.
Jadid bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy tashabbusi, besh yil davomidagi kurashlari mevasi o‘laroq, 1913 yildan chop etila boshlagan ushbu gazetalarda jonajon Vatanimizning bir asrdan ortiq vaqt davomidagi solnomasi aks etgan.
Dastlab, “Samarqand” deb atalgan ushbu gazetaning ko‘plab sonlarini jadid ma’rifatparvarlari nashr qilishgan. Shu bois ularning har bir varag‘i tilloga teng, desam mubolag‘aga yo‘ymang. Chunki ushbu ojizgina varaqlarda yurtdoshlarimizning qalb ko‘zini ochadigan o‘tli fikrlar, buyuk istiqlol orzusi, qaynoq hissiyotlar, maqsad va armonlar o‘z aksini topgan. Maqolalar xalqni jipslikka chorlagani, istibdod kishanlari, nayranglaridan ogoh etgani, kishilarning dunyoqarashini kengaytirib, vatanparvarlik, yurtsevarlik, xalqparvarlik, ma’rifatparvarlik tuyg‘ularini boyitgani uchun gazeta ijodkorlari mustamlakachi kuchlar tomonidan ne-ne qiyinchiliklarga giriftor etilgan. Turli soxta ayblovlar, tuhmat va bo‘htonlar, ta’na-dashnomlar bilan o‘lim changaliga sudrab borilgan.
Shu o‘rinda, o‘sha murakkab, qattol zamonlarda xalq ziyolilari nega o‘limni bo‘yniga olib, gazeta chiqarishgan, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bu savolga lo‘nda qilib javob berish mushkul. Biroq, shu aniqki, jadidlar o‘ta vatanparvar bo‘lishgan, el-yurt sha’ni, qadr-qimmati, kelajagi uchun jonini tikishga doim tayyor turishgan. Ikkinchidan esa o‘sha davr sharoitida o‘z g‘oyalari targ‘ibotining eng samarali quroli matbuot ekanini to‘la anglashgan. Uchinchidan, o‘tayotgan har bir kun tarix ekanini hisobga olib, o‘sha davrda yuz berayotgan jarayonlarni, o‘zgarishlarni, haqiqat va adolat kurashini qog‘ozlarga muhrlab qo‘yishni istashgan. Ulug‘larimiz matbuotning beqiyos kuchidan, so‘z qudratidan unumli foydalanishgan.
“Zarafshon” gazetasi ana shunday qiynoq va qaynoq tarixni boshdan kechirgan, desak xato emas.
Gazeta tahririyatida qanchadan-qancha ijodkorlar, xalqimizning atoqli shoir-yozuvchilari, jurnalistlari qalam tebratishmagan deysiz?! Mahmudxo‘ja Behbudiydan so‘ng Abdurauf Fitrat, Saidrizo Alizoda, Hoji Muin kabi jadid namoyandalari, keyinroq ulug‘ adib, davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidovning ushbu gazetada muharrir bo‘lganini eslashning o‘zi “Zarafshon”ning o‘tmishi naqadar shonli ekanligini oydinlashtiradi.
Bunday gazetada bosh muharrir bo‘lishning o‘ziga xos mas’uliyati bor. Har soni qo‘lma-qo‘l bo‘lib, jamiyatda katta aks-sado beradigan, davlat e’tiboridagi nashrning o‘z nomiyu shoniga mos o‘qishli, uning sahifalaridan joy oladigan eng kichik xabardan tortib, keng hajmdagi tahlillar, sharhlarning saviyali bo‘lishida bosh muharrirning dunyoqarashi, bilim va salohiyati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Shu ma’noda, “Zarafshon” gazetasiga atoqli shoir va yozuvchilar, taniqli davlat va jamoat arboblari rahbarlik qilgani ularning muvaffaqiyatini ta’minlagan omillardan edi. Albatta, gazetani o‘qishli qilish bir insonning kuchi, salohiyati bilan amalga oshadigan ish emas. Bunda butun tahririyat jamoasining mehnatkashligi, hamjihatligi, mas’uliyatliligi muhim o‘rin tutadi. Shu bilan birga, har bir xodim yuksak darajada iqtidorli, kasbini sevadigan, o‘z ishining ustasi bo‘lsa, ko‘zlangan maqsadga osonroq yetish mumkin.
“Zarafshon”ning bosh muharrirlari o‘z jamoasiga ana shunday talantli, mohir ijodkorlarni to‘play olgan. Ularni bir ezgu maqsad atrofida jipslashtirib, yuksak marralar sari olg‘a boshlay bilgan.
Bu mo‘’tabar dargohda Nuriddin Shukurov kabi taniqli olim, Ahmadjon Muxtorov singari zabardast jurnalist, Obloqul Usmonqulov, Sur’at Oripov, Asad Dilmurod, Anvar Jo‘raboyev, Xolmuhammad Nurullayev, Habibullo Temirov, Mardi Nuriddinov, Aziz Yo‘ldoshev, Abduraim Ubaydullayev kabi iqtidorli ijodkorlar faoliyat ko‘rsatib, nafaqat Samarqand, balki butun mamlakatimiz miqyosida obro‘-e’tibor qozonishdi.
Bu adabiy muhit qanchadan-qancha jurnalistlarni charxlab, hayotga toblab, ulg‘aytirdi. Ularning orasida Abduvali Qutbiddinov, Akbar Nurmatov, Bahodir Qobulov, Adham Hayitov, Abdumannob Ibodullayev, G‘olib Hasanov, Akram Haydarov singari o‘nlab qalam ahli o‘z ijod yo‘liga ega bo‘ldi, el-yurtga tanildi. Zabardast, o‘z so‘zi va o‘rniga ega ijodkorlar an’analarini davom ettirayotgan ko‘plab yosh muxbir, jurnalistlar ham ayni kunlarda media maydonida astoydil qalam tebratmoqda.
Bugungi kunda gazetaga tiniqli jurnalist, shoir va yozuvchi, Oliy Majlis Senati a’zosi Farmon Toshev rahbarlik qilib kelmoqda. Jamiyat ko‘zgusi bo‘lgan ushbu nashr keyingi yillarda ham shaklan, ham mazmunan o‘zgarib, Samarqand vohasining ovoziga aylangani ayni haqiqat.
Hozirgi kunda jonajon O‘zbekistonimizning yangi qiyofasini shakllantirishga qaratilgan islohotlar shiddatli tus olgan. Barcha sohada ochiqlik, oshkoralikni ta’minlashga asosiy mezon sifatida qaralayotgan, davlat hokimiyati organlari va idoralari faoliyatiga xalq bilan nechog‘li muloqot o‘rnatgani, odamlarning muammolarini qay darajada hal etayotganiga qarab baho berilayotgan bugungi kunda ommaviy axborot vositalari, xususan, matbuotning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati kun sayin oshib bormoqda.
“Zarafshon” gazetasi jamoasi ana shu mas’uliyatni teran anglab, faoliyat yuritmoqda.
Prezidentimizning “Jamiyatimizda demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, fuqarolarimizning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, dunyoda va mamlakatimizda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, voqea-hodisalar haqida tezkor va haqqoniy ma’lumotlar yetkazish borasida siz, matbuot ahlining fidokorona mehnat qilayotganingizni xalqimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi”, degan so‘zlari mamlakatimizdagi barcha ommaviy axborot vositalari xodimlari qatori “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari ijodkorlariga ham o‘zgacha kuch, baland ruh baxsh etib kelmoqda.
Taassufki, ba’zan turli davralarda internet imkoniyatlari, ijtimoiy tarmoqlarning ommalashgani inobatga olinib, “Bugun matbuotning davri o‘tdi”, degan tuturuqsiz gap quloqqa chalinadi. Bu luqmani, aniqki, yo o‘ynab gapirganlar, yo o‘ylamay gapirganlar aytadi. Zero, bugungi zamonaviy texnologiyalar gazeta-jurnallarning, kitobning o‘rnini bosa olmasligi dunyoning taraqqiy topgan davlatlarida allaqachon o‘z isbotini topgan.
Bugun rivojlanishning yuqori darajasiga erishgan mamlakatlarda matbuotni har kuni kuzatib borish insonlar turmush tarzining ajralmas bo‘lagidir.
Gazeta - bu tarix. Gazeta - bu o‘zgarmas hujjat. Yillar, asrlar o‘tib, o‘tmishga nazar solinsa, aynan gazetalar sahifalarida o‘sha davr ruhini, voqealar tarzi va shiddatini ko‘ramiz. Tarix qayta jonlangandek bo‘ladi. Shu ma’noda “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalarining bir asrdan ziyod vaqt davomida nashr etib kelinayotganining ahamiyati ulkan.
Mazkur nashrlarning bugungi media makonida ham o‘z ovozi, o‘z o‘rni bor. Yurtimizdagi yangilanishlar nasimini xalqqa yetkazishga, millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik, do‘stlik, hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib etishga munosib hissa qo‘shyapti. Ularning sahifalarida ro‘yi zamin sayqali - Samarqandning o‘ziga xos hayot tarzi, davr ruhi, davlat ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-ma’rifiy siyosatining odamlar turmushini o‘zgartirayotgani, gazetxonlarning orzu-o‘ylari, maqsad va umidlari, ishonchlari sodda, samimiy ifodalarda bo‘y ko‘rsatib turibdi.
Turli janrlardagi dolzarb, biri-biridan qiziq mavzulardagi materiallarni o‘qigan insonlar o‘zi yashayotgan joy, bu yerdagi muhit, odamlarning kayfiyati, kechayotgan o‘zgarishlar, yangilanishlar haqida muntazam xabardor bo‘lib bormoqda. Islohotlar jarayonida o‘zlarining fikrlari, g‘oya va tashabbuslari bilan ishtirok etayotir.
Muxtasar aytganda, mazkur nashrlarning mamlakatimizda ma’naviy muhit barqarorligini, sog‘lomligini, ochiqlik va oshkoralikni, ijtimoiy munosabatlar shaffofligini ta’minlashda hissasi beqiyos.
Bugun ushbu gazetalarda ishlayotgan - u xoh jurnalist, fotograf, xoh oddiy texnik mutaxassis bo‘lsin - har bir xodim oldida salmoqli tarixga ega bo‘lgan nashrlarning asl mavqeini saqlash, jamiyatimizdagi o‘rnini mustahkamlashdek zalvorli vazifalar turibdi. Ushbu muqaddas vazifa har bir ishchini o‘z ustida muntazam ishlashga, bilim va salohiyatini muttasil yuksaltirib borishga, eng muhimi, buyuk jadid bobolarimizga munosiblik mas’uliyatini har soniya his qilib yashashga undaydi.
110 yillik yubiley sanasini nishonlash arafasidagi “Zarafshon” va 105 yoshga “to‘layotgan” “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati ijodiy jamoasiga ana shunday sharafli va mas’uliyatli ishlarda yanada g‘ayrat-shijoat ko‘rsatishni, izlanish va intilishdan hech qachon tolmasliklarini tilaymiz.
Ushbu nashrlarning kelgusida ham mamlakatimiz ma’naviy-ma’rifiy hayotida o‘z o‘rniga ega bo‘lishiga, yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini ta’minlashga baholi qudrat hissa qo‘shishiga ishonamiz.
O‘tkir RAHMATOV,
“Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari bosh muharriri.