“Zarafshon” – so‘z daryosi

Samarqand haqida o‘ylaganimda otashnafas shoirimiz Hamid Olimjonning quyidagi misralari yodimga kelaveradi: "Zarafshonni loylatib kechgan, chavandozlar bordir bu elda".

Nega deysizmi? Chunki Samarqandga qaysi tarafdan kelsangiz ham Zarafshon daryosi yoki uning biron irmog‘i orqali kirasiz. Shu bois Zarafshonni ma’lum ma’noda Samarqandning ramziy timsoli, deyish mumkin.

... O‘zbekistonimiz mustaqillikka erishganidan keyin respublikamizda nashr etiladigan aksariyat gazeta va jurnallarning nomi o‘zgardi. Shular orasida eng muvaffaqiyatli chiqqanlaridan biri, meningcha, “Zarafshon”dir. Sho‘ro davrida “Lenin yo‘li” nomi bilan chiqqan viloyat gazetasi istiqloldan keyin “Zarafshon” deb atalgani jo‘g‘rofiy jihatdan ham, mantiq nuqtai nazaridan ham nihoyatda to‘g‘ri, adolatli bo‘ldi. Bu fikr, bu tashabbus kimdan chiqqan bo‘lsa ham otasiga ming rahmat! Zero, gazeta ham misoli bir daryo, so‘z daryosi. Daryo ro‘yi zaminga, insoniyatga obi hayot olib kelsa, gazeta jamiyatga, insoniyatga ma’naviy, ruhiy ozuqa beradi. Daryo tabiat va insoniyatning botiniy kirini tozalasa, gazeta jamiyat va  insoniyatning zohiriy kirini tozalaydi, qalbiga nur bag‘ishlaydi, dunyoqarashini o‘zgartiradi, ko‘zini ochadi. Daryo goh sokin oqadi, gohida to‘lib-toshadi, pishqiradi, hayqiradi. Va odamlarni hushyor bo‘lishga majbur qiladi. Gazeta ham yaxshi, yoqimli so‘zlar bilan odamlar diliga orom beradi, ba’zan jamiyat, insonlar hayotidagi kamchiliklar, illatlar, nuqsonlar haqida achchiq so‘zlar aytadi, bong uradi. Bu bilan odamlarni kamchilik va nuqsonlarga nisbatan befarq bo‘lmaslikka, adolatli, haqiqatparvar, eng muhimi, elsevar bo‘lishga da’vat etadi. Ayon bo‘ladiki, daryo va gazetaning vazifasi mohiyatan uyg‘un.

Shularni o‘ylaganimda ota yurtim Samarqandimning ikki Zarafshoni bir-birini to‘ldirib, bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelayotgandan mamnunlik tuyaman, ko‘nglim ravshan tortadi.

Shoir Zarafshon daryosini loylatib kechgan chavandozlar haqida so‘z yuritgan. Buyuk shoirimizning ruhi oldida ta’zim qilib, izn so‘ragan holda “Zarafshon” gazetasini “loylatib kechgan chavandozlar”ning ayrimlarni eslab o‘tishni lozim topdim.

Men bu gazeta bilan o‘quvchilik yillarimdan do‘stman, hamkorman. Gazeta tahririyatida turli lavozimda ishlagan Nuriddin Shukurov, Ahmadjon Muxtorov, Mardi Nuriddinov, Samariddin Sirojiddinov, Sur’at Oripov kabi olim, shoir va yozuvchilar bilan ko‘p muloqot qilganman, ustozlarning maslahat va yo‘l-yo‘riqlaridan bahramand bo‘lganman, tengdoshlarimiz bilan adabiyot, jurnalistika, umuman, hayot haqida bahs-munozaralar qilganmiz. O‘quvchilik davrimda gazetada kaptarning  patidek xabarim chiqsa, hatto tahririyatga jo‘natgan “maqola”mga tahririyat blankasida yozilgan va tahririyat konvertiga solingan javob xati kelsa (u paytlarda tahririyatlarga keladigan har bir xatga, hajmi, janridan qat’i nazar, javob yozilar edi) osmonlarga uchguday suyunib, yeru ko‘kka sig‘may yurganlarim hamon yodimda... Bu gazeta, bu tahririyat bilan bog‘liq taassurotlarim bir olam...

Taqdir taqozosi bilan Toshkentda o‘qidim va shu yerda yashab qoldim. Qachon Samarqandga yo‘lim tushsa to‘g‘ri “Zarafshon” (“Lenin yo‘li”) tahririyatiga borar edim. U yerda mening sinfdosh jo‘ram Asad Dilmurod ishlardi. Asad orqali tahririyatdagi boshqa xodimlar, jumladan, Nusrat Rahmatov, Sur’at Oripov, Abdusodiq Murtazoyev, Abdurashid Abdurahmonov, Habib Temirov, G‘ulom Aliyev singari yozuvchi va jurnalistlar bilan tanishganman. Nusrat Rahmat bilan keyinchalik “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi tahririyatida birga ishladik. Sakson yoshdan oshganiga qaramay hamon faol ijod qilayotgan bu adib akamizning ijodiga ham, oilasiga, turmush tarziga ham havasdaman. Alloh umrini uzoq qilsin.

Asad tahririyatdagi faoliyatini musahhihlikdan boshlab, mas’ul kotib darajasigacha bordi. Nuriddin Shukurovday adabiyot bilimdoni, Ahmadjon Muxtorovday fidoyi jurnalist rahbarligida ishlagani Asad uchun o‘ziga xos ijod maktabi vazifasini o‘tadi. Natijada Asad bir qator publitsistik maqolalar, o‘nlab hikoyalar, qissalar va bir necha roman yozdi. Uning tarixiy mavzudagi hikoyalari, qissalari, Pahlavon Muhammad, Mahmud Tarobiy kabi tarixiy shaxslar haqidagi romanlari o‘quvchilar va adabiyotshunoslar e’tiboriga sazovor bo‘ldi.

Qisqacha aytganda, Asad Dilmurodning ijodiy faoliyati shakllanishida “Zarafshon” tahririyati o‘ziga xos maktab vazifasini o‘tadi. Bu maktabdan Asaddan oldin va undan keyin ham ko‘plab ijodkorlar chiqqanini bugun iftixor bilan ta’kidlaymiz.

... Aksariyat bosma nashrlar taqdiri qil ustida turgan bugungi kunda ham “Zarafshon” o‘z pozitsiyasida qat’iy turibdi. Viloyatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilik va o‘zgarishlarni targ‘ib qilish barobarida aholini qiynayotgan muammolarni ham dadil ko‘tarib chiqayotir. Shu ma’noda “Zarafshon”ni Samarqand viloyati hayotining ko‘zgusi, deyish mumkin. Bunga erishish hozirgi davrda oson emas. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli shoir Farmon Toshev rahbarligidagi jamoa ana shu qiyinchilik va mashaqqatlarni to‘la his etgan holda gazetaning bir asrlik an’anasi, yo‘li va uslubini saqlab qolish, nainki saqlash, balki uni zamon ruhi bilan boyitish uchun, gazeta davr bilan hamqadam bo‘lish bilan kifoyalanmay, davrdan loaqal bir qadam oldinda yurishi uchun fidokorona xizmat qilmoqda.

Darvoqe, bu yil mamlakatimizdagi oqsoqol nashrlardan bo‘lgan “Zarafshon” 110 yoshga to‘layapti! Muborak bo‘lsin! Gazetaning ham, uni bugungi talabchan, nozik didli o‘quvchilarga manzur qilish uchun ko‘z nurini, aql-zakovatini ayamay mehnat qilayotgan jurnalistlar, texnik xodimlar, jamoaning barcha a’zosiga kuch-quvvat, so‘nmas ilhom, jasorat va sabr tilayman.

Mamatqul HAZRATQULOV.