@Zarafshonbot ga murojaat: Sel yo‘liga qurilgan ko‘cha
Tahririyatga Nurobod tumanining "Ag‘ron" mahallasidan Xolmurod Soriyev mulohazalarini yubordi. Aytilishicha, yangi qurilgan yo‘l sel yo‘li ustida bo‘lib, tagidan suv o‘tib ketishi uchun quvur yo boshqa inshoot qurilmagan. Bitta sel kelishi bilan yo‘l yuvilib ketish ehtimoli bor.
“Siz suratda ko‘rib turgan bu yo‘l Nurobod tumani "Ag‘ron" MFY hududidagi 55-umumta’lim maktabiga olib boradigan yo‘lning ta’mirlangan qismi (100 metrcha bo‘lsa kerak). O‘tgan yili saylov arafasida borish qulay bo‘lishi uchun qurilgan. Uning o‘ziga xosligi shundaki, bu ham yo‘l, ham ko‘prik vazifasini o‘taydi. Sababi, agar ko‘proq yomg‘ir yog‘ib qolsa aynan shu yerdan sel keladi, katta miqdordagi suv oqib o‘tadi. Lekin ko‘prik bo‘lishi uchun yo‘l yo osma bo‘lishi yoki yo‘lning ostiga suv oqib o‘tishi uchun maxsus suv o‘tkazgich yotqizilishi lozim.
Afsuski, bu yerda bunday holatni uchratmaysiz. Biror kun agar kuchli yomg‘ir yog‘ib, sel kelsa, bu antiqa "yo‘l-ko‘prik"dan asar ham qolmaydi. Demakki, yo‘l bilan birga millionlab byudjet mablag‘ini ham sel “yuvib” ketadi.
Kechagi yomg‘ir yana bir necha soat yog‘ganda, bu ko‘prikni ko‘rmas edik! Sababi, qishloq orqasidagi qirlardan oqib keladigan suv asfaltga to‘qnashib, shu tomonga oqadi va to‘planib, katta oqimga aylanadi. Bunday oqimni har yili ko‘ramiz.
Holatni ko‘rib, "Bu "yo‘l-ko‘prik"ni mutaxassis loyihalashtirganmi yoki bu sohani umuman tushunmaydigan kishimi?", deb o‘ylab qolasan kishi. Ushbu qurilishdagi bu holat bo‘yicha Nurobod tumani mas’ul rahbarlaridan tushuntirish berishini kutib qolamiz”, deyiladi murojaatda.