Zarafshonbot’ga murojaat: Qorasuvdagi noqonuniy qurilishlarga chek qo‘yiladimi?
Samarqand shahrining Qorasuv maskanida ko‘p qavatli bino, maktab, bog‘cha, turli korxona va tashkilotlar barpo etilib, kun sayin chiroy ochmoqda. Ammo, ko‘p qavatli uylar yaqinida noqonuniy qurilishlar ham avj olgan. Shaharcha ichida sanitariya-gigiyenik qonun-qoidalarga zid ravishda somsaxona, kabobxona, go‘sht do‘koni kabilar ochilyapti. Ular elektr va gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanmoqda, yo‘laklar, avtoturargohlarni egallab olyapti.
Ayni kunda Qorasuv maskani 72-ko‘p qavatli uyning orqa tomonida 2 qavatli yengil konstruksiyali bino qurilyapti. Ushbu noqonuniy qurilish egasi, ya’ni tadbirkor hech bir hujjatsiz 72-ko‘p qavatli uyning gaz trubasiga va elektr energiyasiga ham ulanib olgan. Somsaxona ochishni rejalashtirayotgan ushbu tadbirkor nega noqonuniy faoliyatga qo‘l urmoqchi bo‘lyapti?
Aslida maskandagi 72-ko‘p qavatli uyning orqa tomoni aholi dam olishi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda ikkita favvora, yo‘laklar, daraxt va gullar bilan bezalgan. Boshida bu yerda muzqaymoq va salqin ichimliklar sotilishi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgandi. Endi esa tadbirkorlar dam olish hududida noqonuniy kabobxona va somsaxona ochib, aholini tandir va qo‘ralardan chiqayotgan dudlar bilan zaharlamoqda.
Ikki qavatli yengil konstruksiyali binoda yana somsaxona ochiladigan bo‘lsa, 71-, 72-, 75-ko‘p qavatli xonadon egalari toza havo topolmay aziyat chekishi turgan gap.
Samarqand shahar hokimligi, mutasaddi idoralar Qorasuvdagi noqonuniy qurilishlarning oldini olishga e’tibor qaratsa yaxshi bo‘lardi.
Qorasuv maskani
72-ko‘p qavatli uyda yashovchilar.