Zarnews.uz da xabar berilgandan so‘ng...

21 aprel kuni zarnews.uz saytida “Ikki kundan beri uyimizning liftlari ishlamayapti?” nomli murojaat berildi.
Unda Samarqand shahri Qorasuv massividagi 7-ko‘p qavatli uyda istiqomat qiluvchi I.Dovurbekova, K.Kattayev va boshqalar yangi uylarning liftlari ishlamayotganidan shikoyat qilib, odamlar, ayniqsa, keksalar, homilador ayollar va yosh bolalar xonadonlariga chiqib-tushishga qiynalishayotgani haqida yozib, “Muammoga yechim topadigan tashkilot bormi?” deya iddao qilishgan edi.
Bu murojaatga Samarqand viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi bosh mutaxassisi Husniddin Shodiyev munosabat bildirib, ushbu uyda yashovchi fuqarolar kommunal to‘lovlardan katta miqdorda qarz ekanini, shuningdek, murojaatda aytilgan manzildagi uy aholisining deyarli hammasi shirkatga to‘lanadigan majburiy badal to‘lovlarini to‘lamaganini, natijada shirkat liftni ishlatish uchun elektr energiyasi to‘lovini amalga oshira olmayotgani uchun liftlar to‘xtatib qo‘yilganini bildirgandi. Shunday bo‘lsa-da liftlar murojaatdan so‘ng ishlati qo‘yilgan va uyda yashovchilardan to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirish so‘ralgandi.
zarnews.uz sayti murojaatni ham, mutaxassis munosabatini ham e’lon qilgan edi.
Ushbu chiqishlardan keyin aholi elektr energiyasi uchun va shirkatning badal to‘lovlaridan qarzlarini to‘lagani haqida xabar oldik.
Samarqand viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi axborot xizmati.