Zarnews.uz’dagi so‘rov natijalariga Davron Jumaniyozov izoh berdi

O‘tgan hafta zarnews.uz saytida “Samarqand viloyatidagi tibbiyot muassasalari tomonidan Sizga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlardan qoniqayapsizmi?” degan savol bilan ijtimoiy so‘rov o‘tkazgan edik.

Unda ishtirok etganlarning 31 foizi “Xususiy tibbiy xizmatlar sifatliroq” degan javobni, 29 foizi “Xizmat haqlari qimmat”ligini belgilagan. 18 foiz respondent esa “Davlat tibbiyot muassasalari xizmati ma’qul” degan to‘xtamga kelgan. So‘rovda qatnashganlarning 10 foizi “Ikkalasi ham ma’qul emas” degan. 8 foiz ishtirokchi “Har holda yaxshi” degan javobni, 4 foiz qatnashchi esa “Menga ikkalasi ham ma’qul”deb belgilagan.

Mazkur so‘rovnoma yakuni bo‘yicha viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davron Jumaniyozovning fikrlari bilan qiziqdik:

– Bugungi kunda viloyatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiyot muassasalarining hammasida ham aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va darajasini bir xil deb bo‘lmaydi. Xususiy tibbiyot muassasalarida yuqori malakali, hatto, xorijdan kelgan shifokorlar zamonaviy tibbiy asbob-uskunalarda bemorga tashxis qo‘yib, muolaja qilishadi. Shu sababdan ham ular xizmatidan ko‘pchilik qoniqish hosil qilmoqda. Ulardagi zamonaviy tibbiy asbob-uskuna va jihozlar qimmat narxlarda olib kelinganligi sababli bu tibbiy xizmat narxiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.