Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ziyoli odam mahallasiga ma’naviy homiy bo‘la olyaptimi?

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining joriy yil 19 yanvardagi majlisi Prezidentimiz rahbarligida videoselektor tarzida o‘tkazilgandi. Unda berilgan topshiriqlar ijrosini tashkil etishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika ishchi guruhi 24-25 fevral kunlari viloyatimizda bo‘ldi.

Ishchi guruh vakillari, avvalo, joylarda boshlangan ishlar bilan tanishdi.

Albatta, ma’naviy-ma’rifiy ishlarning yangi tizimini yaratish bo‘yicha viloyat “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. Unda sohaning barcha yo‘nalishlari qamrab olinib, amalga oshirish muddatlari aniq belgilangan.

Xususan, “Bir ziyoli – bir mahallaga ma’naviy homiy” shiori ostida har bir mahallaga oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari biriktirilgan.

Ma’naviyat va madaniyat sohasi xodimlari, shoir va yozuvchilar, nuroniylar va o‘z sohasida yuksak natijalarga erishgan jamoatchilik vakillari ishtirokida joylarda “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” shiori ostida davra suhbatlari, uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Rahbar vazifasini unutmasin

Ma’naviyat masalasi har qanday rivojlanishning omili ekani anglangan holda u bilan birinchi galda mehnat jamoasining rahbari shug‘ullanishi lozim. Avvalo, rahbarning o‘zi, davlat siyosatining tub mohiyatini tushungan holda uni qo‘l ostidagilarga targ‘ib etadigan shaxs hisoblanadi. Shuning uchun jamoa ishtirokida har hafta o‘tkaziladigan siyosiy-ma’rifat soatini uning o‘zi o‘tkazishi maqsadga muvofiq.

Afsuski, ishchi guruhi tomonidan tashkilotlarda ma’naviyat masalasida mas’ul shaxs kimligi so‘ralganda, rahbarlarning ayrimlari bu borada xodimlardan birini mas’ul qilib tayinlanganini aytishdi. Shuning o‘zi ayrim rahbarlar ma’naviyat sohasiga hamon yetarli e’tibor bermayotganligini bildiradi.

Nuroniylar ibrat bo‘lishi zarur

Yoshlar tarbiyasida oila, mahalla va ta’lim muassasasi hamkorligi yaxshi yo‘lga qo‘yilsa, ko‘p muammo bartaraf etilishi tajribada isbotlangan. Ayrim nosog‘lom muhit qaror topgan oilaning e’tibordan chetda qolgani mahalla-ko‘yni ham yomonotliqqa chiqarib qo‘ygan holatlar mavjud.

Bunday holatlar o‘rganilganda mahallada ham, ta’lim muassasasida ham tegishli ishlar qilingani kuzatiladi. Ya’ni, mutasaddilar ma’naviy-ma’rifiy ishlar olib borilgani haqida ko‘zni quvontiradigan raqamlarni ko‘rsatishadi. Amalda esa tadbirlar xo‘jako‘rsinga o‘tkazilgan bo‘lib chiqadi.

Shu bois, viloyatda mavjud 1100 ta mahallaning har biridan ma’lum muammosi bo‘lgan 5 nafardan yosh o‘zi yashayotgan mahalla nuroniysiga biriktirildi. Prezidentimizning bu tashabbusi bir tomondan nuroniylarimizga ijtimoiy hayotda faol ishtirok etish, o‘z tajribalarini foydali ishlarga yo‘naltirish va odamlar uchun kerakli ekanliklarini his etish imkonini beradi. Qolaversa, yoshlar urf-odatlarimizni e’zozlash, qadr-qimmatimizni asrab-avaylashni o‘rganishadi.

Biroq Respublika ishchi guruhi a’zolari tomonidan nuroniylarni yoshlarga biriktirish ro‘yxatidan ixtiyoriy mahalla tanlanib, nuroniydan o‘ziga biriktirilgan yoshlar haqida so‘ralganda, ulardan ba’zilari bu savolga javob berolmadi. Bu nimadan dalolat? Demak, ayrim mahalla mas’ullari hamon o‘z vazifalariga yetarli darajada mas’uliyat bilan yondoshmayapti.

“Bir ziyoli – bir mahallaga ma’naviy homiy”

Ushbu tamoyil asosida biriktirilgan professor-o‘qituvchilarning ayrimlari joylarda qanday ish tashkil qilish, yoshlarga qanday ko‘mak berish, mahalla nufuzini ko‘tarishda qay darajada faol bo‘lishlari haqida yetarli tushunchaga ega emasliklari ma’lum bo‘ldi.

Prezidentimiz 2017 yil 19 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Yoshlar huquqlari to‘g‘risida”gi xalqaro konvensiyani ishlab chiqish taklifini berdi. Davlatimiz rahbarining yana bir tashabbusi - loyihasi O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyusiyasi 2018 yilning 12 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida qabul qilindi.

Yoshlar taqdiriga, ularning ma’rifatli bo‘lishiga e’tiborli bo‘lishga dunyo hamjamiyati chorlanayotgani bejiz emas. Negaki, barcha davlatlar uchun yetakchi kuch hisoblanuvchi o‘sib kelayotgan avlod qanday tarbiya topsa davlat kelajagi shunday bo‘ladi.

Shu ma’noda yurtimizda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini mustahkamlash, ularning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorligini oshirishda o‘rta va katta avlod vakillari namuna bo‘lishlari kun tartibiga olib chiqilgan. Ertangi kunimiz egalarining ma’naviyatini o‘stirishda loqaydlik, hurmatsizlik, befarqlik, dangasalik, qat’iyatsizlik kabi illatlarni yo‘qotish vaqti keldi.

Farhod Nazarov,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari.