Ziyoratgoh yaqinida yer osti yo‘li qurilmoqda

Oqdaryo tumanidagi Dahbet shaharchasida joylashgan Mahdumi A’zam ziyoratgohi yaqinida, M-37 avtomagistralida piyodalar uchun yer osti tonneli  qurilishi boshlandi.

Avtomobil yo‘lining shu qismida svetofor va piyodalar uchun 2 ta yo‘lak tashkil etilgan bo‘lib, piyodalarning ko‘pligi va ziyoratgohga keluvchilarning soni oshib borayotganligi sababli yer osti yo‘li qurilishi zarur edi. Chunki yo‘lni kesib o‘tishda qo‘pol qoidabuzarliklar sodir bo‘layotgan edi. Viloyat hokimining tashabbusi bilan bu xayrli ishga qo‘l urildi. Mazkur yer osti yo‘lining uzunligi 42 metr, balandligi 2,5 metr, eni esa 4 metrni tashkil etadi.

«O‘zyo‘lko‘prik» klasteri Samarqand filiali davlat muassasasining ishchilari tomonidan qurilayotgan yer osti tonnelida piyodalar yo‘lagidan tashqari nogironlar uchun liftlar ham o‘rnatiladi. Tonnel qurilishi zamonaviy texnologiyalar asosida tayyor temir - beton konstruksiyalar yordamida amalga oshiriladi.

- Kuniga 40 ga yaqin quruvchi va 10 ta maxsus texnika yordamida qurilish ishlari jadal davom ettirilmoqda, - deydi «O‘zyo‘lko‘prik» klasteri Samarqand filiali davlat muassasasi ish boshqaruvchisi Nurali Jamurodov. – Hozirda ikki tomondan ham 10 metrlik piyodalar yo‘lagi uchun zinapoyalar qurib bo‘lindi. Endi yo‘lak uchun yer ostini teshib o‘tish, kovlash va tuproq tashish ishlari boshlanyapti.  

Tepasidan kuniga 20 mingga yaqin avtomobil va 3 mingga yaqin piyodalar harakatlanuvchi yer osti yo‘lagi mart oyining ilk o‘n kunligida foydalanishga topshirlishi rejalashtirilgan.             

Dilmurod TO‘XTAEV.