Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Musulmon dunyosining shoh asari

Bugun buyuk hadisshunos Imom Buxoriy tavallud topgan kun. Sahih hadislar yaratgan muhaddis-olim 810 yil 19 iyul (ayrim manbalarda 20 iyul) kuni Buxoroda tavallud topgan.

Butun umrini ilm-ma’rifatga baxsh etgan va hayotini asosan ilm maqsadidagi safarlarda o‘tkazgan. Uning shoh asari bo‘lmish “Sahihul Buxoriy” insoniyat tomonidan yaratilgan kitoblar orasida birinchi, Allohning Kalomidan keyin ikkinchi islomiy manba sifatida e’tirof etilgan.

Alloma o‘z manoqiblarida barcha asarlarini safarlarda yozganini, bir manzilda boshlab ikkinchisida tugatganini ta’kidlagan. Har birini bir necha marta yozib, qayta-qayta tahrir qilib, o‘sha davr allomalari ko‘rigidan o‘tkazib, keyin taqdim etganini ham ma’lum qilgan.

Tarixdan ma’lumki, nodir asarlar tasnif etilishiga ko‘pincha muayyan omillar sabab bo‘lgan. Imom Buxoriyni ham “Sahih”ga ajib ibratli voqea ilhomlantirgan. Ibrohim ibn Ma’qal Nasafiy yozadi: “Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriydan eshitdim, u: “Ishoq ibn Rohavayh huzurida edik. Shayximiz: “Birontangiz Rasululloh (s.a.v.)ning sunnatlarini muxtasar holda kitob qilsangiz”, dedi. Bu taklif mening qalbimdan joy oldi va “Jomi’” kitobimni yoza boshladim”, dedi” .

Ibn Hajar Asqaloniy “Hadyus Soriy” asarida Imom Buxoriydan ishonchli sanad bilan Muhammad ibn Sulaymon ibn Foris tomonidan aytilgan bunday rivoyatni keltiradi: “Tushimda Rasululloh (s.a.v.)ni ko‘rdim, u kishi go‘yoki uyquda edilar. Men oldilarida turibman, qo‘limda yelpig‘ich, u bilan Rasululloh (s.a.v.)ning muborak yuzlaridan pashshalarni haydayapman. Munajjimlardan bu tushning ta’birini so‘radim. Ular: “Siz Rasululloh (s.a.v.)ning sunnatida paydo bo‘lgan yolg‘onlarni ketkazasiz”, dedi. Bu menga “Al-Jomi’ as-sahih”ni tasnif etishimga sabab bo‘ldi”, dedi .

Demak, Imom Buxoriyning o‘zi aytgan bu ikki sabab marvlik buyuk muhaddis, musnid imom, hofiz Ishoq ibn Rohavayhning taklifi va Alloh taoloning ilohiy rag‘bati bo‘lmish tushdir. Mana shu ikki omil buyuk asar tasnif etilishi va u Qur’oni karimdan keyingi maqomda turishiga ishora bo‘lgan. Shundan so‘ng Imom Buxoriy shoh asarini boshlab 16 yilda yozib bitiradi. Ya’ni, 23 yoshida to‘plashga kirishib, 39 yoshida yakuniga yetkazadi. Bu ulug‘ ish Alloh taoloning buyuk marhamati bilan yer yuzida faqat Imom Buxoriyga nasib etgan.

Abu Ishoq Zanjoniy bunday deydi: “Abdurrahmon ibn Rasoyin Buxoriydan eshitdim, u Imom Buxoriydan bunday eshitganini aytib berdi: “«Sahih» kitobimni o‘n olti yilda yozdim. Kitobdagi rivoyatlarni olti yuz ming hadis orasidan saralab oldim va uni Alloh taolo bilan o‘zim o‘rtamizda hujjat qildim”. Buyuk muhaddisning so‘zlari o‘z tasdig‘ini topdi: bu bashoratga butun islom ulamolari ittifoq bo‘ldi. Hadis borasida ko‘plab asarlar tasnif etilgan bo‘lsa-da, dunyo “Sahihul Buxoriy”ning mislini boshqa ko‘rmadi.

Amr ibn Ali Fallosning mana bu so‘zlaridan Imom Buxoriy hadis ilmida bejiz oliy maqomni egallamaganining tasdig‘ini ko‘rish mumkin: “Muhammad ibn Ismoil bilmagan hadis hadis emasdir”. Bu hayotiy haqiqat butun dunyo muhaddisu ulamolari tomonidan e’tirof etilgan.

Islom tarixida buyuk maqom kashf etgan muhaddisning shoh asari asrlar osha o‘rganilib kelmoqda. Haqli ravishda islom ta’limotida undan Qur’oni karimdan keyingi manba sifatida foydalaniladi. Bu Imom Buxoriyning ilm yo‘lida chekkan tinimsiz mashaqqatlari, qirq yil mobaynida sahro-yu biyobon, shaharu qishloqlarni kezib, qiyinchiliklarga sabr qilgani, tunu kun davom etgan ilmiy mehnati va chekkan ijodiy iztiroblari, sof e’tiqodi, benazir taqvosi va xolis amallarining buyuk samarasidir. Alloma bu asarni yozib, islom ilmi xazinasini mislsiz darajada boyitdi va o‘z nomini tarixning oltin sahifasiga muhrladi. Buyuklik maqomi ilm-ma’rifat va xolis xizmat bilan qo‘lga kiritilishini o‘zining ibratli hayoti bilan ko‘rsatib berdi.

Shukurillo Umarov,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).