Bulung‘urdagi «jannat» bog‘lari

Yaratilgan imkoniyatlar tufayli yurtimizda tadbirkorlikning yangi turlari kirib kelmoqda. Masalan, Bulung‘ur dala-dashtlarida dunyoda eng tez o‘suvchi beshta, chiroyli gullovchi 20 ta daraxtning bittasi hisoblanadigan pavlovniya o‘sadi deb kim ham o‘ylagan edi. Qalovini topib, qorni ham yondiruvchi tadbirkorlarimizdan biri Sojida JABBOROVA buning uddasidan chiqibdi.
Stomatolog bog‘bon
- Asli kasbim stomatolog – tish do‘xtiriman, - deydi opa. – Kasbim taqozosiga ko‘ra, ko‘p vaqtimni ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib o‘tkazardim. Har gal uning «sahifalarini» ochganimda oldimdan Xitoy mamlakatida o‘suvchi pavlovniya deb nom olgan daraxt haqidagi ma’lumotlarga duch kelaverardim. Asta-sekin unga qiziqishim orta boshladi. «Dunyoda eng tez o‘suvchi, yiliga besh metrgacha bo‘y beruvchi bu noyob daraxtni nahotki o‘zimizda o‘stirib bo‘lmasa» degan xayol menga tinchlik bermadi. Samarqand shahrida «Garder Shirinov agro» oilaviy korxonasini tashkil qilib, Xitoydan ushbu daraxtning urug‘ va qalamchalarini olib keldim. Urug‘dan olingan ko‘chat o‘z gibritini yo‘qotar ekan. Sifatli yog‘och olish uchun uning qalamchalarini ko‘paytirishga e’tibor qaratdik. Natija yomon bo‘lmadi. Biroq maqsadga erishish uchun bizga yer kerak edi.
Past Darg‘om tumanidan ijaraga olgan 6 gektar tashlandiq yerni yovvoyi o‘t-o‘lanlardan tozalash uchun rosa ovora bo‘ldik. Oradan uch yil o‘tsa hamki yerga yolchimay yurganimizda viloyatga yangi hokim kelganini eshitib huzuriga bordim. Erkinjon Turdimovga dardimni aytdim. U kishi «nima investitsiya kiritmoqchisiz?» dedi. Men «Dunyoda eng qimmatbaho daraxt o‘stirmoqchiman» dedim. Hokim masalani darrov yechdi. Bulung‘ur tumanining Nurli yo‘l, Kichik Kildon, Sayiltepa mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidan 35 gektar yer ajratildi. Darrov ishga kirishdik. Yana Xitoyga borib bu gal mamlakatimiz iqlimi uchun mos tushadigan sifatli pavlovniya ko‘chatlarini tanlab olib keldik. Hozirda uni ko‘paytirib maxsus plantatsiyalarda parvarishlayapmiz.
«Kislorod daraxt»
Pavlovniya tabiat uchun o‘ta foydali daraxt. Masalan, tez o‘sishi, keng barglari bilan yashillikni ko‘paytirib voyaga yetgan bir tup daraxt bir kunda 22 kub karbonat angidritni yutib, 6 kub kislorod chiqaradi. Yevropa bu daraxtni «kislorod daraxti», Xitoy va Yaponiyada «imperator», «ajdar daraxti» ham deyisharkan. Pavlovniya ekilgan ekinzorlar doimo yashnab havo haroratini 15 darajagacha pasaytirib turadi. Bu ekologlar uchun global issiqlikning oldini olishda noyob topilma hisoblanadi.
Tadbirkorning izoh berishicha, ildizi bir yilda 4,5 metrgacha yerga singib boradi. Demak, 2-3 yildan keyin uni sug‘orishga ehtiyoj sezilmaydi. Bir yilda o‘sish tezligi 4-5 metrgacha yetadi. Gibrid navi besh yil ichida 1,-1,5 kub yog‘och beradi. Bundan tashqari, pavlovniya o‘zidan azot ishlab chiqarish xususiyatiga ega bo‘lib, yerning unumdorligi muttasil oshib boradi.
Ham daraxt, ham sabzavot
Sayiltepa kengliklarida faoliyat ko‘rsatayotgan «Paradays garden of pavlovniya», ya’ni «Pavlovniya daraxtlaridan tashkil topgan jannat bog‘lari» maydonlarida parvarishlanayotgan noyob daraxtlarga boqib ko‘z quvnaydi. Bog‘larda gurkirab o‘sayotgan nihollar esa o‘tgan yili kesib olingan daraxtlarning o‘rnidan chiqqan. Ko‘rinib turibdiki, ushbu daraxtlar tez o‘sadi va iqtisodiy samaradorligi yuqori.
Shunisi e’tiborliki, daraxtlar soya beradigan darajada o‘sib ketguniga qadar bulung‘urlik dehqonlar pavlovniya ko‘chatlari orasida (yer aholiga bo‘lib berilgan) sabzi, piyoz, sholg‘om, lavlagi, makkajo‘xori, loviya kabi ekinlarni ekib tirikchilik qilmokda.
Pavlovniya Amudaryoda ham o‘smoqda
Tadbirkor 200 ming AQSh dollari miqdoridagi imtiyozli kredit hisobiga bugun 20 ta ish o‘rni tashkil qilgan. Oqdaryo va Payariq tumanlarida esa yangi ko‘chatxonalar barpo etilgan. Bundan tashqari Bulung‘ur tumanida 20 sotix issiqxonada pavlovniya ko‘chatlari yetishtirilmokda. Joriy yilning o‘zida 270 ming tup ko‘chat respublikamizning turli hududlariga yetkazib berildi.Bugungi kunda pavlovniyaga qiziqish tobora ortmoqda, - deydi Sojida Jabborova. – Hozircha ayrim viloyatlardagi havaskor bog‘bonlar bu daraxtni parvarishlashni sinab ko‘rmoqda. Masalan, Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumanida pavlovniya yaxshi o‘smoqda. Nihollar bir oyda bir metr o‘sib, tanasi yo‘g‘onlashib bormoqda.
Sizlar so‘ragan paytda men Oqdaryo tumanida edim. Bu yerda – Namoz Primqulov mahalla fuqarolar yig‘ini hududida bir gektar yerda ko‘chatxona qurganmiz. Bu nihollarni 27 gektar ochiq maydonga ko‘chirib bog‘ yaratamiz, sotishimiz ham mumkin.
Hozir biz biogomus va qalamchlarning bir qismini aholiga taqsimlab berganmiz. Ular bizga ko‘chat yetishtirib berishadi. Kelgusi yildan qalamchalarni sovuqxonalarda saqlash imkoniga ega bo‘lsak, biz yil - o‘n ikki oy mobaynida ko‘chat yetishtirishimiz mumkin bo‘ladi.
Yonmaydi, kuymaydi, asal beradi
Daraxtning yana qanday afzalliklari bor, deya so‘raymiz suhbatdoshimizdan.
Sojida opa har bir gapini salmoqlab, hayajonlanib so‘zlab ketadi:
- Yog‘ochning mustahkamligi vazniga nisbatan solishtirilganda boshqa yog‘och-taxtalarga qaraganda ancha yengil, yumshoq va egiluvchan. Pavlovniya yog‘ochidagi chiziqlar bir tekis va chiroyli. Yog‘och ko‘zlarining yo‘qligi va yog‘sizligi mebelsozlikda qo‘l keladi. Barglari va yosh tanasi chorva va baliqlarni boqish uchun zarur ozuqa hisoblanadi. Yana bir yili qayta o‘sib chiqishi va kam agrotexnik ishlov talab qilishi evaziga bu ozuqa tannarxining arzonlashuviga olib keladi.
Ko‘chatlar uchinchi yilga kelib gullaydi va undan shifobaxsh asal olish mumkin. Katta yo‘l yoqalari, shahar ko‘chalariga ekilganda go‘zal manzara bag‘ishlaydi.
Pavlovniya yog‘ochining yaxshi tomonlari ko‘p. Uncha-muncha yonmaydi. Ammo uni granula – donador qilib yoqilg‘i sifatida ishlatish mumkin.
100 loyihachining sardori
- Oila va mahallani qo‘llab-quvvatlash vazirligining O‘zbekiston ayollarning yuzta innovatsion loyihasi bo‘yicha tanlovning «6 gektar maydondan 60 gektar yerning daromadini olish nominatsiyasi» bo‘yicha viloyat bosqichida S.Jabborova g‘olib bo‘lgan. - Mazkur loyihani amalga oshirish uchun bir gektar yerga ming tup ko‘chat o‘rniga o‘n ming tup ko‘chat ekmoqchimiz, - deydi opa. - U qanday bo‘ladi? Pavlovniya ko‘chatlarini xuddi buta singari qator oralariga zich qilib ekamiz va har uch metrga bitta yog‘och uchun daraxt qoldiramiz. O‘rtadagi pattalar har yili kesib olinadi va undan qurilish materiallari tayyorlanadi. Bu borada Birlashgan Arab Amirliklaridagi investorlar bilan kelishib qo‘yganmiz. Pandemiya karantini tugashi bilan loyihamizni amalga oshirishga kirishamiz.
Keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari qurilish materiallariga bo‘lgan talabni yanada kuchaytirdi. Shundan kelib chiqib arzon, sifatli hamda innovatsion usulda parvarishlanadigan qurilishbop daraxtlarni ko‘paytirishga e’tibor qaratilmoqda. Tadbirkor Sojida Jabborova xorijiy tajribaga tayanib ish ko‘rayotgani bu muammolar yechimining bir ko‘rinishdir.
Adham Hayitov.