Fidoyi va samimiy inson edi

Abdunazar Pardayev nomini Samarqand ilm ahli juda hurmat bilan tilga oladi. Chunki u kishida Xudo bergan iqtidordan tashqari katta ishtiyoq, ichki intizom va ilmga tashnalik bor edi.
Abdunazar aka 1951 yil 13 fevralda Qo‘shrabotning olis Jo‘sh qishlog‘ida tug‘ilib o‘sdi. O‘rta maktabni tugatgach, Samarqand pedagogika instituti rus tili va adabiyoti fakultetida tahsil oldi.
Ilk mehnat faoliyatini Samarqand viloyati «Bilim» jamiyatida boshladi. Ammo ilmga tashnalik yosh Abdunazarni Rossiyaning nufuzli ilmgohi tomon yetakladi. Ya’ni, 1977 yilda Rossiya Fanlar akademiyasining rus tili institutiga avval stajyor-tadqiqotchi sifatida, keyin aspirant bo‘lib tahsil oldi.
Besh yil o‘qigach, qadrdon oliygoh – Samarqand davlat universitetiga keldi va 1983 yildan boshlab rus tili fakultetida ish boshladi. Domla shu yerda o‘qituvchi bo‘lib ishlab, avval dotsent, keyin professor bo‘ldi, kafedra mudirligini boshqardi. 2015 yildan esa universitetning fakultetlararo nemis, fransuz va rus tili kaqedrasi professori sifatida talabalarga saboq berdi.
Abdunazar Pardayev o‘z fanining ustasi, rus tili grammatikasi bo‘yicha mamlakatdagi taniqli olimlardan biri edi. Shu bilan birga MDH davlatlari olimlari o‘rtasida o‘z sohasini bilimdoni sifatida e’tirof etilgandi. Ko‘p yillar O‘zbekiston Oliy attestatsiya komissiyasi eksperti bo‘ldi. O‘zbekiston va Qozog‘iston Milliy universitetlari ixtisoslashgan Ilmiy kengashiga a’zo edi. MDH davlatlari uchun rus tilida yangi darsliklar yaratish Xalqaro assotsiatsiyasi safida samarali xizmat qildi.
Bir so‘z bilan aytganda, filologiya fanlari doktori, professor Abdunazar Pardayev dunyo ko‘rgan odam edi.
Hamkasblari, Abdunazar akadan fan sirlarini o‘rgangan shogirdlari bilan suhbatlashsangiz u kishi haqida iliq gaplar tinglaysiz. O‘zini mayda-chuyda suhbatlardan ustun qo‘yishi va har kuni albatta, kitob o‘qishi va maqola yozishiga hamkasblari havas qilardi. Ayniqsa, nomzodlik, doktorlik ishini tayyorlash bahonasida dunyodagi ko‘p tajribalarni o‘rgangan olim Samarqand ilmiy muhitida katta salohiyatga ega bo‘ldi.
Ming afsuski, 2018 yilda ko‘ngilsiz voqea tufayli domla hayotdan bevaqt ko‘z yumdi. Bu voqea qalblarimizni qanchalik larzaga solgan bo‘lsa-da, fidoyi, jonkuyar olim xotirasiga hurmatimizni susaytirgan emas, chunki bunday olimlar ibrati hali ko‘p yillar odamlarga ezgulik ulashib boraveradi.
Abdunazar Pardayev bugun hayot bo‘lganida tabarruk 70 yoshini qarshilagan bo‘lardi. Bugun u kishining xonadoniga yaqinlari, hamkasblari, shogirdlari, farzand-u nevara kelgan, ezgu ishlari, xayrli amallarini yodga olmoqda.