“Qopqog‘i yo‘q “qopqon” xabariga javob keldi, ammo quduq hamon yopilmadi

18 fevral kuni @zarafshonbot telegram kanalida Samarqand shahridagi Ibn Sino va Dahbed ko‘chalari kesishmasi (eski Gelion) oldidagi piyodalar yo‘lagi qarshisida ochiq turgan aloqa kabellari o‘tkazilgan quduq, uning nafaqat kattalar, balki shu atrofdagi bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchilari hayoti uchun xavfli ekani haqida “Qopqog‘i yo‘q “qopqon” sarlavhali xabar e’lon qilingan edi.
Tahririyatimizga “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi Samarqand shahar telekommunikatsiya bog‘lamasi boshlig‘i T.Sultonov imzosi bilan javob xati keldi. Unda, jumladan, shunday deyiladi:
“Samarqand shahridagi Ibn Sino va Dahbed ko‘chalari kesishmasi (eski Gelion) oldidagi quduq yaroqsiz holda va uning qopqog‘i yo‘qligi yuzasidan aniqlangan kamchiliklar holati bo‘yicha korxonamiz mutaxassislari tomonidan o‘rganish olib borildi. Unda ushbu quduq “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi Samarqand shahar telekommunikatsiya bog‘lamasining aloqa liniyalaridagi aloqa quduqlari tarkibiga kirmasligi aniqlandi. Nosoz holatdagi ushbu quduqqa tutash joyda aloqa qudug‘i mavjud bo‘lib, bu aloqa qudug‘i telekommunikatsiya aloqa liniya standartlari bo‘yicha tartibga olingan”.
P/S: Ushbu xatga ilova qilingan suratlarda ayon bo‘lishicha, haqiqatan ham ochiq holatdagi quduqqa tutash joyda yana bir quduq mavjud. Demak, u Samarqand shahar telekommunikatsiya bog‘lamasiga tegishli. Ammo “qopqog‘i yo‘q “qopqon” haligacha ochiq.
Xo‘p, bu quduq Samarqand shahar telekommunikatsiya bog‘lamasiga tegishli emas ekan, unda piyodalar hayoti uchun xavfli bo‘lgan quduq qaysi idoraga tegishli? Uning qopqog‘ini topib, yopib qo‘yadigan idora topiladimi? Axir gap piyodalar, balki shu atrofdagi bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchilari hayoti uchun xavfning oldini olish haqida-ku!