Adolat yo‘lida kechgan umr: Tal’at Bobomurodov ibrati
Keksa avlodni qadrlash, ibratli mehnatlari bilan jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan faxriylarni ulug‘lash, ularning hayotiy tajribasi asosida yoshlarni tarbiyalash davlat siyosati darajasidagi muhim vazifalardan biriga aylangan.
Bu ezgu g‘oyalar, ayniqsa, umumxalq bayrami – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan yaqqol namoyon bo‘ladi. Ushbu kun xalqimizning milliy qadriyatlari, ustoz va faxriylarga bo‘lgan hurmat-ehtiromi yanada yorqin ifodasini topadi.
Yaqinda sud-huquq tizimi xodimlaridan iborat bir guruh mehmonlar uzoq yillar davomida soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan, bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan 90 yoshli sud tizimi faxriysi Tal’at Bobomurodov xonadonida bo‘ldi.
Tal’at Bobomurodov uzoq yillar davomida sud-huquq sohasida samarali va ibratli faoliyat yuritgan. U kishi, ayniqsa, Samarqand viloyat xo‘jalik sudining raisi sifatida qonun ustuvorligini ta’minlash, adolat va haqiqatni qaror toptirish yo‘lida qat’iyat va mas’uliyat namunasini ko‘rsatgan.
El orasida hurmat qozongan T.Bobomurodov ko‘plab shogirdlar tayyorlab, ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashlariga katta hissa qo‘shgan. Uning mehnatlari davlatimiz tomonidan ham munosib baholanib, “Shavkatli mehnati uchun” medali hamda mustaqillik yillari boshida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Samimiy uchrashuv oddiy hol-ahvol so‘rashuv emas, balki xotiralar, hayotiy saboqlar va adolat yo‘lida bosib o‘tilgan mashaqqatli yo‘l haqidagi suhbatga aylandi. Tal’at Bobomurodov o‘z tajribasi, hayot maktabi va yosh avlodga qimmatli maslahatlari bilan o‘rtoqlashdi.
Bunday fidoyi insonlarning hayoti, mehnati, jasorati, halolligi va sadoqati kelajak avlod uchun hamisha ibrat maktabi bo‘lib qoladi.
Islom Hamroqulov,
Samarqand tumanlararo iqtisodiy sudi raisi.