Sayyoh Sohib Rajabov: Xonoboddan Mo‘ynoqqacha 2200 kilometr

Aslida samarqandlik sportchi yigit, turon milliy yakka kurashi bo‘yicha xalqaro sport ustasi, ikki karra Osiyo chempioni bo‘lgan Sohib Rajabov Respublikamizning sharqiy qismidan g‘arbiy qismigacha bo‘lgan 2200 kilometrlik masofani piyoda bosib o‘tishga ahd qildi. U Andijon viloyatining Xonobod tumanidan Qoraqolpog‘iston respublikasi Mo‘ynoq tumaniga qarab yo‘l olganiga bugun 49 kun bo‘libdi. U shu vaqt davomida 1000 kilometr yo‘l bosib, ayni paytda u o‘zi tug‘ilib o‘sgan Samarqand shahriga yetib keldi.
- Bir sutkada 82 kilometrgacha masofani bosib o‘tdim, - deydi S.Rajabov. – Yo‘limda uchragan har bir hududning o‘ziga xos maskanlarida bo‘ldim, to‘y-tomoshalarida ishtirok etdim. Bu sayohatimni yurtimizning tongi erta otadigan tumanidan, quyoshi kech botadigan tumanigacha davom ettirishni oldimga maqsad qilganman. Asosiysi, taassurotlarim haqida telegramm messenjerim, ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalari orqali aholimiz, yoshlarimiz, hatto horijliklar xabardor bo‘lib bormoqda. Bu harakatlarim, avvalo, yurtimizning diqqatga sazovor joylarini, xalqimizning mehmondo‘stligini ko‘rsatib, ichki turizmni rivojlantirishga, xorijlik sayyohlarni mamlakatimizga jalb qilishga, qolaversa, aholi o‘rtasida mehr-oqibat tuyg‘ularini, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga ozgina bo‘lsa ham hissa qo‘shsa o‘zimni baxtiyor his qilaman.
Bugun kunning ikkinchi yarmida viloyat turizmni rivojlantirish departamenti vakillari sayyoh Sohib Rajabov bilan Samarqand shahridagi Xotira maydonini ziyorat qilayotgan paytda uchrashdi. Unga O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining esdalik sovg‘alari topshirildi.
To‘lqin Siddiqov.