Raqamli tibbiyot — sog‘liqni saqlashning yangi bosqichi
Bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish aholiga sifatli va tezkor tibbiy xizmat ko‘rsatishning muhim omillaridan biriga aylanmoqda.
Mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida tibbiyot muassasalarida zamonaviy axborot texnologiyalari keng joriy etilmoqda. Jumladan, raqamli tibbiyotning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan DMED axborot tizimi tibbiy xizmatlarning sifatini oshirish, shaffoflikni ta’minlash va boshqaruv samaradorligini kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Tizim orqali bemorlarning tibbiy ma’lumotlari yagona elektron bazaga jamlanib, shifokorlar uchun tezkor va qulay foydalanish imkoniyati yaratilmoqda.
Bugungi kunda viloyatimizdagi barcha davlat tibbiyot muassasalari, jumladan ixtisoslashtirilgan viloyat tibbiyot markazlari hamda hududiy sog‘liqni saqlash bo‘limlari tarkibidagi barcha oilaviy poliklinikalar DMED tizimiga ulangan. Shuningdek, qariyb 500 ta xususiy tibbiyot klinikasi va dorixonalar ham mazkur platformaga integratsiya qilingan.
Ayni paytda raqamli tibbiyot sohasidagi ishlar viloyat iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda yanada keng ko‘lamda olib borilmoqda. Bu esa tizimning shaffofligini ta’minlash, nazorat mexanizmlarini kuchaytirish hamda sohada qonuniylikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Raqamli tibbiyot bugungi kun talabi bo‘lib, aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va har bir fuqaroga zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shohruz Karimov,
Rakamli sog‘liqni saqlash markazi Samarqand viloyat filiali rahbari.