Turkiyaning Hatay viloyatida “O‘zbekiston mahallasi” ochildi
Turkiyaning Hatay viloyati Arsuz tumanida O‘zbekiston tomonidan bunyod etilgan turar-joy majmuasi negizida tashkil etilgan “O‘zbekiston mahallasi”, Shavkat Mirziyoyev bulvari hamda Toshkent va Samarqand ko‘chalarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Marosimda O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya, Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov, Turkiya Buyuk millat majlisi raisi Numan Kurtulmush, Hatay viloyati hokimi Mustafo Masatli, mahalliy rasmiylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida Numan Kurtulmush ushbu tashabbus Turkiya xalqi va davlatining o‘zbek xalqiga bo‘lgan samimiy minnatdorligining ifodasi ekanini ta’kidladi.
– Arsuzda O‘zbekistonning buyuk tarixi va madaniyatini ifoda etuvchi nomlarning abadiylashtirilishi ikki birodar xalqning do‘stlik ramzidir. Bu qadam og‘ir kunlarda biz bilan yelkama-yelka turgan o‘zbek xalqining turk birodarlariga bildirilgan yuksak ehtiromidan dalolat beradi, – dedi Numan Kurtulmush.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini alohida e’tirof etdi. Ushbu markaz turkiy dunyoning muhim ma’naviy va ilmiy markazlaridan biri sifatida ta’riflandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda “Yangi Renessans” g‘oyasi yuqori natijalar berayotgani qayd etildi.
Hatay viloyati hokimi Mustafo Masatli 2023 yil 6 fevraldagi halokatli zilziladan keyin O‘zbekiston ko‘rsatgan amaliy yordamni turk xalqi hech qachon unutmasligini ta’kidladi.
– Hatay aholisi nomidan do‘st va qardosh o‘zbek xalqiga chuqur minnatdorlik bildiraman. O‘zbekiston Prezidentining joriy yil yanvar oyidagi Anqara tashrifi chog‘ida rasman ochilgan ushbu turar-joy majmuasiga “O‘zbekiston mahallasi” nomi berilgani xalqlarimiz o‘rtasidagi abadiy do‘stlikning yorqin namunasidir, – dedi hokim.
Marosim davomida ishtirokchilar tomonidan Shavkat Mirziyoyev bulvari, Toshkent va Samarqand ko‘chalarining ochilishi ramzi sifatida tasma kesildi.
Mazkur majmua O‘zbekiston tomonidan Hatay viloyatini tiklashga qaratilgan gumanitar ko‘makning muhim namunasi hisoblanadi. Bu tadbir ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va qardoshlik munosabatlarining yana bir yorqin ifodasi sifatida baholanmoqda.