So‘qir dilga ziyo kerak

Kimga molu dunyo kerakdir,
Kimga dinu taqvo kerakdir.
Quvgan-qochgan zorlanar birday,
Har kimga ham Xudo kerakdir.
Haromxo‘rga ribo kerakdir,
Muttahamga riyo kerakdir.
Soddagina bo‘lib o‘ylayman -
So‘qir dilga ziyo kerakdir.
Zorga baxtdan sado kerakdir,
Baxtlilarga sato kerakdir.
Qoqilmog‘ing kutganlar yo‘qmas,
Kimga sendan xato kerakdir.
Ulusga jonfido kerakdir,
Ko‘ngildan chin nido kerakdir.
Ay yaxshilar, Boburga sizdan -
Bir xayrli duo kerakdir!
Bobur BOBOMUROD.
2019 yil 28 noyabr.