Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

1 noyabrdan nimalar o‘zgaradi?

1. Har yili noyabrda “Keksalar uchun turizm oyligi” o‘tkaziladi

Hukumat qaroriga ko‘ra, noyabr oyi “Keksalar uchun turizm oyligi” deb e’lon qilingan.

Ushbu tadbir doirasida hududlardagi turizm infratuzilma ob’yektlari tomonidan ixtiyoriy taqdim qilinadigan chegirma va aksiyalar Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining veb-sahifalarida e’lon qilib boriladi.

2. Soliq kodeksi bilan berilgan quyidagi imtiyozlar bekor qilinadi:

Yer solig‘i bo‘yicha quyidagilar tomonidan egallangan yer uchastkalari:

  • sog‘lomlashtirish hamda dam olish joylari, xususan dam olish uylari;
  • aholining ommaviy dam olishi va turizm uchun joylar, agar ular tadbirkorlik faoliyati uchun ajratilgan bo‘lsa;
  • sanatoriy-kurort ob’yektlari, agar ular turistik zonalarda joylashgan bo‘lsa;

Mol-mulk solig‘i bo‘yicha sanatoriy-kurort xizmatlari ko‘rsatish uchun foydalaniladigan ko‘chmas mulk ob’yektlari, agar ular turistik zonalarda joylashgan bo‘lsa.

3. Sog‘liqni saqlash organlari boshqaruv xodimlariga har oylik ustama to‘lanadi

Sog‘liqni saqlash vazirligi va hududiy boshqaruv organlari xodimlariga quyidagi miqdorda ko‘p yillik ishlaganlik uchun har oylik ustama to‘lanadi (rag‘batlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda):

1 yildan 3 yilgacha – 0,3;

3 yildan 5 yilgacha – 0,6;

5 yildan 10 yilgacha – 0,8;

10 yildan 15 yilgacha – 1;

15 yildan 20 yilgacha – 1,2;

20 yildan yuqori – 1,5.


4. DTM hamda Badiiy akademiya xodimlarining maoshlari oshiriladi

DTM boshqaruv xodimlari lavozim maoshlarini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari 1,5 baravar miqdorida qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi markaziy apparati xodimlarining lavozim maoshiga 100 foiz miqdorida oylik ustamalar belgilanadi.

5. Eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, tayyorlash va qadoqlash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga mahsulotlarni xorij fitosanitariya talablariga muvofiqlashtirishga amaliy yordam berish uchun o‘simliklar karantini davlat inspektorlari biriktiriladi.

O‘z hududida aniqlangan zararli organizmlar hamda fitosanitar dala nazoratini o‘tkazish to‘g‘risida O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasiga ixtiyoriy murojaat qilgan va ularning oqibatlarini bartaraf etgan shaxslar ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinadi.

6. Bojxona tizimida yangicha tartib

Bojxona tizimida quyidagicha tartiblar o‘rnatiladi:

• bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirish vaqti xavf darajasidan kelib chiqib, 3 sutkadan 1 kungacha qisqartiriladi;

• bojxona nazoratining muqobil turlarini qo‘llashni kengaytirish orqali tovarlarni bojxona hamrohligida kuzatib borish holatlari qisqartiriladi;

• Davlat bojxona qo‘mitasining xavflarni boshqarish tizimi avtomobil chegara bojxona postlarida joriy etiladi;

• transport vositalarini vaqtinchalik olib kirishda tashuvchiga real vaqt rejimida elektron shaklda qayta olib chiqish muddati tugashidan oldin vaqtinchalik olib kirish muddatini uzaytirish va tegishli yig‘imni to‘lashni amalga oshirish imkoniyati taqdim etiladi;

• “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimida qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasini identifikatsiyalash va baholash uslubiyati tadbirkorning o‘zi tomonidan ishlab chiqiladi.

7. Mobil aloqa operatorlari uchun imtiyozlar

Mobil aloqa operatorlariga radioelektron qurilmalar, asbob-uskunalar va boshqa qurilmalarni O‘zbekistonga olib kirish ruxsatnomasini, sotib olish, o‘rnatish, loyihalash va qurish uchun ruxsatnoma olmasdan, belgilangan tartibda rasmiylashtirish huquqi beriladi.

Barcha vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida amaldagi rahbar o‘rinbosarlaridan biriga raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosar (Chief Digital Officer) vakolatlari yuklatiladi.

8. Davlat xaridlari tizimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtiroki kengaytiriladi

Davlat xaridlari tizimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokini kengaytirish maqsadida:

• ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarning umumiy qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 50 ming baravaridan yuqori bo‘lgan import tovarlari xaridlarining maqsadga muvofiqligi har chorakda kuzatuv kengashlari tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqiladi;

• xorijda ishlab chiqarilgan alohida tovarlar, shuningdek, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlanadi va chegaralanadi;

• Davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va chegaralangan, xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar bo‘yicha tender (tanlov) ishtirokchilari takliflarini baholashda mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan import tovarlarining CIP (O‘zbekiston) narxidan 15 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda preferensiya beriladi.