Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

37 nafar yurtdoshimiz uyli bo‘ldi

Samarqand shahar Kimyogarlar shaharchasidagi Shukrona mahallasida bunyod etilgan namunaviy loyihadagi uy-joylar nogiron, kam ta’minlangan va ehtiyojmand fuqarolarga bepul, doimiy foydalanish huquqi bilan tantanali ravishda topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

- Ushbu fuqarolar yillar mobaynida ijarama-ijara yurib, og‘ir sharoitlarda yashab kelayotgandi, - deydi Samarqand shahar hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Z.Rahmonova. - Ularning 35 nafariga «Mahalla» xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi, 2 nafariga viloyat kasaba uyushmalari kengashi tomonidan 25 million so‘mdan pul bankdagi hisob raqamiga o‘tkazib berildi. Shuningdek, qurilish tashkilotlari ham homiylik yordamlarini ko‘rsatdi. Bugun uyli bo‘lganlarning aksariyati ishlash istagini bildirishdi. Shu bois ularning bandligini ta’minlash masalasi ham ijobiy hal etiladi.





Samarqand shahrida hozirda mingdan ziyod uyga muhtoj fuqarolar ro‘yxatga olingan. Yaqin yillarda ularning barchasini bosqichma-bosqich uy-joy bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.



- Yetti yildirki, og‘ir sharoitda yashab kelyapman,  - deydi 1-guruh nogironi S.Abdullayeva. - Hokimlikka qilgan murojaatim inobatga olinib, bugun yangi uyli bo‘lganimdan boshim osmonga yetdi. Tikish-bichish ishlari qo‘limdan kelishini aytgandim, mutasaddilar ish ham topib berishlarini va’da qilishdi. Bundan quvonchim ikki hissa oshdi. Men kabi ehtiyojmandlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar uchun davlatimiz rahbarlariga ming rahmat.
Uyli bo‘lgan 37 nafar Samarqand shahri hamda Samarqand, Toyloq, Urgut tumani fuqarolarini tadbirga yig‘ilganlarning barchasi ularning yangi xonadoni bilan qutladi.


Baxtiyor Mustanov.