Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

50 nafar yoshga blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun zamonaviy telefon beriladi

Samarqand shahridagi Yoshlar markazida o‘tkazilgan “Hokim va yoshlar” uchrashuvida ishtirok etgan o‘quvchi-talabalar o‘zlarini qiynab kelayotgan muammolar bo‘yicha murojaat qildi.

 

- Shahrimizda yo‘lovchi tashuvchi transportlar betartib harakatlanadi, - dedi Samarqand shahridagi 20-maktabning yoshlar yetakchisi Sayyora Baxriddinova. – Masalan, avtobuslar quyosh botgandan keyin qatnovni to‘xtatadi, haydovchilar harakat davomida qo‘l telefonidan foydalanib, bir-birlarini quvlab o‘tishadi. Avtobuslarni tez haydash, bekatlarda uzoq vaqt to‘xtab qolish yoki shoshganidan yo‘lovchilar tushib ulgurmasidan harakatlanish holatlari turli ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lmoqda.

Viloyat hokimi ko‘tarilgan masala yuzasidan mutasaddi rahbarlarga vazifalar belgilab berdi.

- Bu kabi muammolar eng og‘riqli masala, - dedi viloyat hokimi E.Turdimov. – Ularni hal etishda jamoatchilik nazorati kerak, albatta. Fursatdan foydalanib, bir taklifni o‘rtaga tashlamoqchiman, ya’ni qalbi qaynoq, yuragida vatanparvarlik tuyg‘usi jo‘shgan 50 nafar yosh yigit-qizga zamonaviy telefon apparati olib beriladi. Ular blogerlik bilan shug‘ullanib, jamiyatimizda uchrayotgan muammoli holatlarni suratga olib, viloyatdagi telegram guruhlariga joylashtirib boradi. Mazkur muammolar ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda yoritiladi va har bir mas’ul rahbar shu muammoni vaqtida bartaraf etish chorasini ko‘radi. Eng faol ishlagan yoshlar vakili har oy yakunida rag‘batlantirib boriladi.

To‘lqin SIDDIQOV.