Noxolislik bilimsizlik, tovlamachilikdir yoki mediasavodxonlik nega kerak?

Telegram guruhlarida turli soha vakillariga "Bloger kim? Qaysi manbalardan axborot olasiz?" deb murojaat qilib ko‘rdik. Aksariyat ishtirokchilar blogerlar internetda o‘z sahifasiga ega, saytdagi axborot beruvchi kishilar, mazmunida fikr bildirganlar.

Bugun ko‘pchilik axborotlarni ijtimoiy tarmoqlardan va turli axborot saytlaridan olayotgani haqiqat. Ammo axborot sayti va ijtimoiy tarmoqlar o‘rtasida aniq farqlar borligini hamma ham hanuzgacha anglab yetgani yo‘q. Har qanday lavha, fikr ijtimoiy tarmoqlarda tarqalsa, aholining unga ishonishi mediasavodxonlik darajasining pastligi bilan izohlanadi. Bu holat esa tashvishlanarli. Bir necha marta noto‘g‘ri axborot orqali aholining fikrini chalg‘itish holatlari uchradi. O‘sha xabarlar haqida axborot saytlarida, umuman, ommaviy axborot vositalarida uni inkor etuvchi ma’lumotlar berilsa-da, ammo odamlar ko‘proq rasman tasdiqlanmagan, shunchaki fuqaro sifatida fikr joylagan kishilarning so‘zlariga ishonib qolayotir. Tanqidiy fikr tarqatgan kishining ma’lumoti to‘g‘riroq, degan fikr ustunligi bor gap. Ammo bugungi axborot rivojlangan kunda ijtimoiy tarmoqlarda, turli shubhali saytlarda biror fikrni o‘qigan kishi albatta, uning rostligiga ishonch hosil qilish uchun bir nechta axborot saytlarini qarab chiqishi lozim.

Keling, masalaning mohiyati haqida mediaekspertlar fikrlari bilan tanishsak.

 

Beruniy ALIMOV,

O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti dotsenti:

Fuqarolik jurnalistikasining afzalliklari alohida mavzu, lekin axborot etikasi nuqtai nazaridan qaralsa fuqarolik jurnalistikasi jiddiy tashvish tug‘diradi. Istagan shaxs istalgan mavzuda va istalgan vaqtda axborot tarqatish vositalariga ega bo‘lishi butun dunyoda favqulodda erkin muhitni yaratmoqda. Biroq, bu axborot tarqatgan har qanday shaxs jurnalist degani emas, jurnalistikani soha, kasb sifatida obro‘sizlantirishga yo‘l qo‘yish mumkin emas.

Ijtimoiy tarmoq yoki uyali telefon orqali tarqatilgan har bir xabar yoki raqamni jurnalistikaga taalluqli deb tan olish kam deganda professional darajadagi tom ma’nodagi ijodiy jarayon mahsulini kamsitish bo‘lgan bo‘lur edi. Kasb-korning sir-asrorlaridan bexabar bo‘lgan odamni qanday qilib professional deya olamiz yoki u tarqatgan axborotning to‘laqonli ishonchli ekaniga umid bog‘laymiz? Gap biror bir davlatdagi voqealar haqida bo‘lsa-chi? Davlat yoki xalq taqdiri, imijiga ta’sir ko‘rsatuvchi yangilikni havaskorlik darajasidagi axborotlardan olishning oqibati nimalarga olib kelishi esa ma’lum.

Yana bir masala. Rasman axborot tarqatuvchi manbalar orasida ham noxolis axborotlar tarqalishi kuzatiladi. Yaqinda bir guruh davlat idoralari, korxona tashkilotlar matbuot xizmati xodimlari uchun turkum seminar treninglar o‘tkazdik. Afsuski, ularning ko‘pchiligi o‘z vazifasi haqida to‘liq ma’lumotga ega emas. Tashkilotiga tegishli ko‘p ma’lumotlarni davlat siri darajasida qo‘riqlashga harakat qiladi. Vaholanki, ushbu ma’lumotlar kezi kelganda ularning manfaatlariga xizmat qilishi mumkin. Eng qizig‘i, ularning barchasi jurnalistlarni noxolis, asossiz axborot tarqatishda ayblashdi. Xo‘sh, asossiz axborot tarqalganda, buni isbotlab, ulardan raddiya berishni talab qildingizmi, deb so‘raganimizda ijobiy javob ololmadik. Ko‘pchiligi bunga hafsala qilmagan, ba’zilari tortishib o‘tirishni o‘ziga ep ko‘rmagan. Vaholanki, qonuniy nuqtai nazardan ular o‘sha OAVga raddiya berishni so‘rab xat yozishlari, agar bu talab qondirilmasa, ularni sudga berishlari mumkin. Mabuot xizmati xodimi o‘zi xizmat qilayotgan tashkilot imijini qonun doirasida himoya qilishi shart.

Lola ISLOMOVA,

"Anhor.uz" axborot-portali muharriri:

- Shu oyning o‘zida blogerlar bilan bog‘liq qator voqealar muammolarni yuzaga chiqardi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun quyidagi masalalar hayotda o‘z aksini topishi kerak.

Birinchidan, blogerlar faoliyatini qonuniylashtirish fursati keldi. Ushbu terminni aniqlashtirish, qoidalarini, mas’uliyatini belgilash, me’yordagi soliq to‘lovini joriy qilish lozim. Bu so‘z erkinligini bo‘g‘ish emas, balki demokratik-huquqiy jamiyatning asosiy sharti bo‘lgan, bildirilayotgan fikr va xatti-harakatlarga nisbatan javobgarlikni his qilishdir.

Ikkinchidan, jurnalistlarning axloq kodeksini qabul qilish fursati keldi. To‘g‘ri, jurnalistlar savol berish va uning javobini olish huquqiga ega, ammo kodeks professionallik odobining me’yorlarini belgilab bergan bo‘lardi. Garchi sifatsiz jurnalistika va ayrim blogerlar uchun bunday me’yorlar hech qanday qiymatga ega bo‘lmasa-da.

Saida SULEYMANOVA,

"Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi" rahbari, mediatrener:

- Jurnalistikaning oltin qoidalaridan biri tanqidiy fikrni ikki tomonlama o‘rganishdir. Afsuski, so‘z erkinligiga yo‘l ochib berilgan bugungi kunda tahliliy, asosli chiqishlardan ko‘ra, ko‘pik ma’lumotlar internet olamida mashhurlashib bormoqda. Bu o‘z navbatida aholi fikrini chalg‘itishga, ular orasida davlat idoralari va boshqa tashkilotlarga nisbatan nafaqat ishonchsizlik, balki nafrat uyg‘onishiga sabab bo‘lmoqda. Noprofessional, ya’ni muammo to‘liq o‘rganilmay olib chiqilgan mavzu mana shu jihatlari bilan xavfli. Bu esa jurnalistlar doim o‘z ustida izlanishi lozimligini taqozo qiladi. Vaqt o‘tishi bilan aholi ham bunday xabarlarning rost yoki yolg‘onligini ajratib ola biladi. Ya’ni, faqat reyting ortidan quvib, kasbiga xilof ish tutganlarning bozori kasodga uchraydi. Ammo vaqt o‘tishini kutishdan ko‘ra har birimiz nafaqat o‘zimiz, balki aholining ham mediasavodxonligini oshirish ustida ish olib borishimiz darkor.


Agar e’tibor bersak, ba’zi beozor, kimningdir sha’niga aloqador bo‘lmagan xabarlar ham ijtimoiy tarmoqlarda qator agressiv nuqtai nazarni keltirib chiqarish holatlari uchraydi. Bu esa jamiyat uchun xavfli. Xulosa shuki, so‘zning qudrati atomdan kuchli ekanligi haqidagi fikr bugun har qachongidan dolzarb. Axborot mahsulotga, ya’ni eng nozik va kuchli xom ashyoga aylangan bugungi kunda xolislikni qasddan esdan chiqarish xavfli. Noxolislik esa faqat tovlamachilik yoki bilimsizlik natijasidir.

Gulruh MO‘MINOVA.