Arxivlar faoliyati raqamlashmoqda, natijada aksariyat so‘rovlar elektron tarzda qabul qilinmoqda

Shu yilning birinchi yarmida Samarqand viloyatidagi arxiv muassasalariga yuridik va jismoniy shaxslardan 26916 ta so‘rov kelib tushgan.
Jumladan, davlat arxivlariga 5951 ta mavzuli, 20965 ta ijtimoiy-huquqiy mazmundagi, shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlariga esa 12680 ta ijtimoiy-huquqiy mazmundagi so‘rovlar kelgan.
Ijtimoiy-huquqiy mazmundagi so‘rovlarning 20468 tasi davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali, 419 tasi pochta va elektron pochta orqali kelgan bo‘lgan, 78 nafar fuqaro bevosita arxivlarga murojaat qilgan.
Bu ma’lumotlar viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi tomonidan boshqarma va uning tizimidagi viloyat, shahar va tuman arxiv muassasalarining shu yil birinchi yarmidagi faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.
Boshqarma boshlig‘i Abduvali Mamanazarovning ta’kidlashicha, bir paytlar yurtdoshlarimiz biror bir ma’lumot yoki hujjat nusxasini olish uchun arxiv idoralariga borib, bevosita murojaat qilgan bo‘lsa, sohaning raqamlashtirilishi natijasida bugunga kelib, aksariyat so‘rovlar elektron tarzda qabul qilinib, javob berilmoqda.
– Arxiv muassasalarida saqlanayotgan qog‘oz asosidagi hujjatlar bosqichma-bosqich elektron shaklga o‘tkazilmoqda, – deydi A.Mamanazarov. – Shu maqsadda kuni kecha qo‘shimcha ravishda yetti tuman arxiviga zamonaviy skaner qurilmalari berildi. Yil boshidan buyon respublika Milliy arxiv fondining (O‘zR MAF) elektron shaklini yaratish yo‘nalishida viloyatimizdagi davlat arxivlari tomonidan 1073 saqlov birligidagi qog‘oz hujjatlarning 525 ming 398 ta kadr elektron nusxasi yaratildi. Davlat arxivlarida raqamlashtirilayotgan hujjatlarning yagona saqlovini ta’minlash hamda ulardan foydalanish axborot tizimi – e.archive.uz ga jami 6 ta fond, 226 ta ro‘yxat, 16681 ta saqlov birliklari, 27665 ta hujjat kiritilib, raqamlashtirish ishlari jadallik bilan davom ettirilmoqda.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, yilning dastlabki olti oyida boshqarma tomonidan viloyatdagi 10 ta tashkilot va idorada arxiv ishi va ish yuritish holati bo‘yicha davlat nazorati o‘tkazilgan. Mazkur tadbirlar natijasida 3 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan hamda 9 ta tashkilotga ko‘rib chiqish majburiy bo‘lgan taqdimnomalar yuborilgan.