Inson hayoti uchun ideal iqlimga ega dunyoning 7 ta davlati
Havoning harorati, namligi, atmosfera bosimi, shamol tezligi kabi omillar qulay iqlim qiymatini belgilaydi. Kimdir qor va ayozli ob-havoni yaxshi ko‘radi, boshqalarga esa sovuq havo yoqmaydi. Shunga qaramay, yer yuzida har birimiz o‘zimizni qulay his qiladigan joylar bor. Bunday jannat bizning sayyoramizda haqiqatan ham mavjud.
Okinava va Ryuko. Yaponiya
Yaponiya orollarining iqlimi va tabiati juda o‘ziga xos va o‘zgaruvchan bo‘lib, u yerda sunami va tayfunlar kabi turli xil tabiat hodisalari sodir bo‘lib turadi. Ammo mamlakat janubida joylashgan Ryukyu orollarini haqiqatan ham yer yuzidagi jannat deb atash mumkin.
Ryukodagi eng katta Okinava oroli iqlimi nam subtropik deb tasniflanadi. Plyaj mavsumi apreldan oktyabrgacha davom etadi. Qish oylari dengizda suzish uchun mos bo‘lmasa-da, bu yerda ko‘pincha havo harorati +20 darajadan pastga tushmaydi.
Gretsiya
Gretsiyaning turli mintaqalarida O‘rta yer dengizi, Alp va Markaziy Yevropa iqlim zonalari bir-biridan ajralib turadi. Rang-barang iqlim bilan bir qatorda mamlakatdagi hayvonot dunyosining boyligi ham asrlar davomida odamlar e’tiborini tortib keladi. Yumshoq va nam qish (o‘rtacha havo harorati +10) va issiq quruq yoz (o‘rtacha havo harorati +32) bu yerda ajoyib o‘simliklarning shakllanishi uchun asosiy sababdir. Plyaj mavsumi maydan oktyabrgacha davom etadi. Gretsiya iqlimi kasalliklarni davolash uchun foydali bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Kaliforniya, AQSh
Bu yerlarning iqlimi nihoyatda qulay va quyoshli kunlar soni taxminan 310 kundan iborat. Ba’zan qishda Kaliforniya shtatining shimoliy va kontinental qismlarida juda sovuq bo‘lishi mumkin. Rekord darajadagi yuqori harorat (+56,7 daraja) kontinental Kaliforniyada qayd etilgan. Biroq, okeandan keladigan havo oqimi qirg‘oq haroratini pasaytiradi, natijada yozi salqin va qishi iliq bo‘lgan jannat zonasi hosil bo‘ladi.
Fransiya janubi-sharqi
Tog‘lari balandligi 3000 metrga yetadigan Fransiya Rivyerasi o‘simliklari va qirg‘oqlari bilan Kaliforniyaga juda o‘xshab ketadi. Bu yerda yiliga 300 kun quyosh porlaydi. Bu go‘zal manzarada biz biladigan qish umuman yo‘q. Ba’zan qish oylarida havo harorati +20 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Bu yerda yuqori namlik yo‘q, yomg‘ir ham juda kam, har 10-15 yilda bir yoki ikki marta yog‘adi.
San-Paulu, Braziliya
San-Paulu flora va fauna jihatidan ajoyib maskan. Shahar chekkasida Qizil kitobga kiritilgan noyob ekzotik hayvonlar turlari mavjud ko‘plab qo‘riqxonalar va bog‘lar bor. Shu bilan birga, San-Paulu shahri juda ko‘p muzey va yodgorliklarga boy ulkan megapolisdir.
Braziliyaning janubi-sharqiy qismida joylashgan shaharda qishda ko‘pincha havo harorati +18 darajadan pastga tushmaydi. Yoz oylarida harorat +30 darajagacha ko‘tariladi. San-Paulu nam subtropik iqlimga ega, shuning uchun u yerda tez-tez yomg‘ir yog‘ib turadi.
Kanar orollari, Ispaniya
“Abadiy bahor orollari” deb ham ataladigan Kanar orollari iqlimi Ispaniyadagi eng yaxshi iqlim sifatida tanilgan. U yerda haddan tashqari mavsumiy yomg‘irlar va haroratning keskin o‘zgarishi kuzatilmaydi. Havoning ancha quruq va iliq bo‘lishi nafas olish va tayanch-harakat tizimi va salomatlikka juda yaxshi ta’sir ko‘rsatadi.
Afrikadan kelayotgan quruq va juda issiq havo oqimi shimoli-sharqdan esayotgan salqin shamollar ta’sirida yumshaydi va namlanadi, shu tarzda Kanar orollarining o‘ziga xos iqlimi vujudga keladi.
Malta
Malta necha yillar davomida ketma-ket sayyoradagi eng yaxshi iqlimga ega mamlakatlar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallab keladi. Bu yerda juda yumshoq va qulay O‘rta yer dengizi iqlimi hukm suradi. Kuchli shamol, qor va sovuq havo deyarli kam uchraydi. Qish juda yumshoq, o‘rtacha harorat +15 darajaga yetadi, yozda juda issiq, iyul-sentyabr oylarida havo harorati +35-38 darajagacha ko‘tariladi. Shunga qaramay, mintaqadagi past namlik odamlarga noqulaylik tug‘dirmaydi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.