IT markazlar yoshlarga nimani o‘rgatadi?

Yoshlarni zamonaviy ilm-fanga qiziqtirish, ularni IT sohasiga yo‘naltirish maqsadida 2021 yilda Payariq tumanida IT markazi ochilgan.

Markazga uchta xona ajratilgan bo‘lib, birida 5-10 yoshli bolalar uchun mental arifmetika o‘rgatilsa, qolgan ikki xonada yoshlarga dasturlash, dizayn, grafika kabi yo‘nalishlarda darslar olib boriladi.

- Markazga asosan maktab yoshidagi bolalar ko‘proq keladi, - deydi markaz menejeri Maqsud Mamirov. – Ular uch oydan olti oygacha o‘qitiladi. Dastlab o‘quvchilarga kompyuter savodxonligi o‘rgatiladi, so‘ngra veb dasturlash, mobil ilovalar yaratish, veb dizayn, grafik dizayn kabi yo‘nalishlarda darslar olib boriladi. Darslarimiz uchun bolalarning yoshiga qarab 300 ming so‘mdan 250 ming so‘mgacha to‘lov belgilangan. Ayni kunda yuzdan ortiq bola markazimizga qatnaydi. Darslarimiz ertalab soat 08:00 dan soat 17:00 gacha davom etadi. Ular haftada uch kun ikki soatdan keladi. O‘quvchilarning ichida o‘nga yaqin kam ta’minlangan oila farzandlari bo‘lib, ularni bepul o‘qitamiz.

Markazni tamomlaganlar IT sohasida mustaqil daromad topa boshlaydi. Hozir yozgi mavsumda o‘quvchilar biroz kamaygan. Yangi o‘quv yili boshlanishi bilan IT markazimizga qatnovchilar ko‘payib ketadi. Ba’zilar biz o‘rgatayotgan darslarni internetdan onlayn olishni istaydi. Ayrimlar oylik 300 ming so‘mdan qochib, o‘sha darslarni internetdan sotib olmoqchi bo‘ladi. Ammo ular biz o‘tadigan darslarni internetdan 3 million so‘mga ham sotib ololmaydi. Sotib olganlariga ham darslarni tushuntirib beradigan o‘qituvchi kerak. O‘zlari mustaqil o‘zlashtirib ketolmaydi. Markaz yoshlarga IT sohasida ilk bilim va ko‘nikmalarni beradi.

- Men IT markazida bolalarga mental arifmetikadan dars beraman, - deydi o‘qituvchi Iroda Temirova. – Bolalar haftada uch kun ikki soatdan mental arifmetikani o‘rganadi. Ularning yoshiga qarab 100-130 ming so‘m atrofida to‘lov puli olinadi. Matematikaga qiziquvchi bolalar mental arifmetikani qisqa muddatda tez o‘zlashtirib oladi.

Mental arifmetika to‘garagiga qatnovchi bolalarga qo‘shish va ayirishdan biroz savol-javob qildik. Ular haqiqatan ham sonlarni tezlik bilan hisoblayapti. Ba’zilari hali maktab yoshiga ham yetmagan bolalar bo‘lib, hisob-kitobni yaxshi o‘zlashtirib olibdi.

Darhaqiqat, IT markaziga yigirmata kompyuter berilgan bo‘lib, yoshlar o‘zlariga topshirilgan vazifalarni bajarishyapti. Kimdir dizaynlik bilan shug‘ullanyapti, kimdir kompyuter dasturlarini o‘rganayapti. Ularning ayrimlarini suhbatga tortdik.

- IT markaziga shu yilning mart oyidan boshlab kelyapman, - deydi tumandagi 24-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchisi Behruz Shakarboyev. – Shu kungacha kompyuter savodxonligini o‘rganib bo‘ldim, endi dizaynlikni o‘rganyapman. Hozir futbolkaga logotip yasayapman. Katta bo‘lsam dasturchi bo‘lmoqchiman.

- Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida restavratsiya yo‘nalishida o‘qiyman, - deydi 4-bosqich talabasi Dinora Husanova. – Yozgi ta’tilda zamonaviy dizayn sohasini o‘rganish maqsadida ushbu markazga kelyapman. Bo‘sh vaqtimdan samarali foydalanish va o‘z kasbimni yanada chuqurroq o‘rganishga harakat qilyapman.

- Hozir dizayn sohasiga talab ortib ketdi, - deydi M.Mamirov. – Masalan, yangi ochilgan restoran, kafe yoki oshxonalar bizdan dizayn tayyorlab berishimizni so‘raydi. Odamlar o‘z xonadonini ta’mirlash uchun ham dizayn so‘rashyapti. Men ularga markazda ta’lim olib ketgan va mustaqil ish boshlagan shogirdlarimni tavsiya etaman. Ularning ko‘pchiligi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olyapti. O‘quvchilarim dasturlashga o‘tganidan keyin o‘zlari bilan noutbuk olib keladi, chunki bu yerda o‘tilgan ikki soatlik dars uyiga borganidan keyin takrorlanmasa, yodidan ko‘tarilib ketadi. 

IT markaziga nafaqat zamonaviy bilimlarni o‘rganishga, balki kompyuter savodxonligini o‘zlashtirish uchun katta yoshdagi talabgorlar ham kelishar ekan.

- Bizdan kompyuterni o‘rganish talab etilyapti, - deydi Payariq tumanidagi tibbiyot birlashmasiga qarashli 1-son tug‘ruq birlashmasi hamshirasi Nafisa Sultonova. – Hozir hamma hujjatlar elektron shaklga o‘tib ketdi. Hatto kasallik varaqalari ham kompyuterda yozilyapti. Shuning uchun men hamkasbim bilan ushbu markazga kompyuter dasturlarini o‘rganish uchun keldim.

Bugun tumanlarda ochilgan bunday IT markazlarning bino ijara puli va wi-fi internet to‘lovi davlat tomonidan to‘lab beriladi. Maqsad chekka hududlarda ham yoshlarning zamonaviy kasb o‘rganishga bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarini oshirishdir. Bunday imkoniyatdan kim qanday foydalanib qolishi yoshlarning o‘ziga bog‘liq.

Xurshida ERNAZAROVA.