Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

52 ta atirgul

Ertalab gul do‘konimni ocharkanman, yonimga harbiy kiyimdagi yigit yaqinlashdi. U aeroportga shoshilardi, bugun u bir yilga Afg‘onistonga uchib ketishi kerak edi. Yigit yuzida nim tabassum bilan shunday dedi: “Men har juma kuni rafiqamga gul sovg‘a qilaman va bu odatimni qoldirishni istamayman. Shuning uchun sizga 52 ta atirgul uchun buyurtma bermoqchi edim”. Men buyurtmani qabul qilib, unga ellik foizlik chegirma qildim va kun davomida meni a’lo kayfiyat tark etmadi.

🌹Kutish

Bugun u 18 oylik komadan keyin ilk bora ko‘zlarini ochdi va menga shunday dedi: “Mehribonim, doim yonimdan jilmasdan, mening tuzalishimga ishonganingiz, qiziqarli voqealarni so‘zlab, qoshimda o‘tirganingiz uchun rahmat. Sizdan umrbod minnatdorman”.

🌹Eng yaxshi ona

Sakkiz yoshli o‘g‘ilcham meni quchoqlab, “Oyijon, siz dunyodagi eng yaxshi onasiz”, dedi. “Axir, sen dunyodagi boshqa onalarni tanimaysan-ku, balki mendan ham yaxshilari bordir”, deganimda u shunday javob qildi: “Oyijon, axir, siz mening dunyoimsiz”.

🌹Vafo

“Mening 21 yoshli labrodor itim bor. U ancha qarib qolgan, na eshitadi, na ko‘ra oladi, hatto akillashga ham madori yo‘q. Ammo men uyga qadam qo‘yishim bilanoq quvnoqlashib, dumini likillata boshlaydi.”

🌹Eskirgan ajralish

“Bugun mehmonxona derazasidan dengizni tomosha qila turib, sevishganlarga ko‘zim tushdi. Ular baxtiyor qo‘l ushlashib borishardi. Sevishganlar yaqinlashgach, ularning o‘z otam va onam ekanligini payqab, hayratda qoldim. Ularning muhabbatga to‘la yuzlarini ko‘rib, sakkiz yil avval ajrashishga qaror qilganliklariga sira ishongim kelmasdi.”

🌹Kechikish

“Turmush qurganimizga ham mana, ellik yil bo‘libdi. Nega seni avvalroq uchratmagan ekanman?”

🌹Yutuq

Men bugun 92 yoshni qarshi olgan harbiy shifokor, qator medallar sohibi va muvaffaqiyatli tadbirkor bo‘lgan buvamdan so‘radim:
- Buvajon, sizning eng katta yutug‘ingiz nima?
U yonidagi buvijonimga ishora qilib dedi:
- Mening hayotdagi eng katta yutug‘im - buvijoning bilan birga qo‘sha qariganimdir.