Piraxa - hech qachon uxlamaydigan qabila

Braziliyaning Maisi daryosi bo‘yida yashovchi Piraxa hindularini yer yuzidagi eng baxtli odamlar deb atash mumkin, chunki ular na o‘tmish haqida qayg‘uradi, na kelajak haqida o‘ylaydi. Ular uchun faqat bugungi kun bor, xolos.

Piraxa zaxira to‘plamaydi, deyarli uxlamaydi va hech narsaga ishonmaydi. Ular o‘zlarini chinodamlar deb atashadi. Dunyo bu hayratlanarli qabila haqida 1970 yillarda Piraxa orasida 30 yil yashagan sobiq missioner Deniyel Everettdan bilib oldi.

Qabilaning uyquga bo‘lgan munosabati, ehtimol, butun bir falsafadir. Ular odam umuman uxlamasligi kerak, deb hisoblashadi. Birinchidan, uyqu odamni kuch-quvvatdan mahrum qiladi, deydi ular, ikkinchidan, uyquda odam bir oz o‘ladi va butunlay boshqa kishi bo‘lib uyg‘onadi, ya’ni u o‘zini yo‘qotadi. Bu boshqa odam sizga butunlay yoqmasligi aniq.

Biroq bu majburiy uyqusizlikning hammasabablari emas. Uxlashdan oldin biz bir-birimizga “Xayrli tun” tilashga odatlanganmiz. Piraxa tilida esa bu tilak: "Uxlab qolma! Hamma joyda ilonlar bor" kabilida yangraydi. Haqiqatan ham bu yerda ilonlar juda ko‘p. Shuning uchun piraxalar kechalari uxlamaydi, faqat charchoq bosib ketgan vaqtda yarim soatgina mizg‘ib oladi.

Qabila a’zolari taxminan har yetti yilda bir marta o‘z ismini o‘zgartiradi: chunki ism yoshga mosbo‘lishi kerak-da. Hindularda o‘tmish yoki kelajak haqida tushunchalar ham, taqvim ham yo‘q. Ularning vaqt haqidagi tushunchasi fasllarning yomg‘irdan qurg‘oqchilikka o‘zgarishi bilan chegaralanadi.

Ular oziq-ovqat jamlamaydi va ovlangan narsani darhol yeb qo‘yadi. Agar ov muvaffaqiyatsiz bo‘lsa, och yuradi va bu ularni umuman bezovta qilmaydi. Aytgancha, hindular oziq-ovqatga befarq; ular nega odam har kuni ovqatlanish kerakligini tushunishmaydi. Har safar ular orasida yashagan Everettning ovqatlanayotganini ko‘rsa, ular unga: "Yana ovqatlanayapsizmi? O‘lasizku axir!" deb aytgan.

Everettga noyob Piraxa tilini tushunish uchun uzoq vaqt kerak bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bor-yo‘g‘i uchta unli va yetti undoshdan iborat til boshqa ma’lum tillarga umuman o‘xshamaydi. Lekin qush kabi sayrash va hushtak chalishni ular qoyilmaqom qilib ijro etadi.

Hisob-kitob haqida gap ketganda, hindular ikkita - "bir nechta" va "ko‘p" miqdoriy toifadan foydalanishadi. Misol uchun, to‘rtta baliq oz, lekin oltitasi juda ko‘p. Agar baliq bitta bo‘lsa, u hatto hisoblashga arzimaydi.

Moliya haqida gap ketganda, hindular juda hushyor. Ular qo‘shni qishloq aholisidan ma’lum bir banknot evaziga (hatto nominalni bilmasa ham)qancha achchiq suv idishlari sotib olish mumkinligini juda yaxshi tushunishadi.

 

Nikohga kelsak, Piraxa oilalarida er topganini uyga olib kelmasa, xotin boshqa er topishga haqli. Xuddi shunday, agar xotini poliz ishlarini qilmasa yoki baliq ovlamasa, qarib, yoqimsiz bo‘lib qolgan bo‘lsa, er uni tark etishga haqli.

Demak, ularning har biri uyalmay, pushaymon bo‘lmasdan xohlagan ishini qila oladi. Piraxa hatto bolalarni koyimaydi va jazolamaydi. Albatta, ular bolaga qo‘llari bilan issiq cho‘g‘ni ushlash og‘riqli ekanligini tushuntiradi yoki suvga tushib qolmaslik uchun suv yaqinida o‘ynayotgan chaqaloqqa hushyor turishadi.  


Shu bilan birga, qabila orasida o‘g‘irlik, qotillik yoki o‘z joniga qasd qilishlar yo‘q - bu illatlar Piraxa tabiatiga yotdir. Ular surunkali charchoq sindromi, ruhiy tushkunlik yoki boshqa ruhiy kasalliklardan aziyat chekmaydi. Bugungi kunda yashayotgan Piraxa hindulari o‘zini butunlay baxtli odamlar deb hisoblaydi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.