Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bektemir Meliqo‘ziyev raqibini birinchi raundning o‘zidayoq nokautga uchratdi

Bugun tongda Olimpiya o‘yinlari hamda jahon chempionati sovrindori Bektemir Meliqo‘ziyev prof ringdagi ikkinchi jangini yakunladi.

Charm qo‘lqop ustamiz AQShning Kaliforniya shtati Pasadena shahridagi Pasadena City Hall arenasida davom etayotgan boks kechasi doirasidagi jangda meksikalik Rikardo Adrian Luna Floresga qarshi ringga ko‘tarildi.

Sakkiz raundga mo‘ljallangan jang muddatidan ancha oldin tugadi. Bektemir tajribali raqibini birinchi raundning o‘zidayoq nokautga uchratdi. Referi Jek Reyss jangni to‘xtatishga majbur bo‘ldi, deb xabar berdi Olamsport nashri.

Ma’lumot uchun, Rikardo Flores prof ringda bugungisi bilan qo‘shib hisoblaganda 30 ta jang o‘tkazgan. Hisobida 22 ta g‘alaba va 14 ta nokaut bor. Bugun u yettinchi mag‘lubiyatidagi uchinchi nokautini qabul qilib oldi. Bitta jang durang bilan yakunlangan.

Bektemir Meliqo‘ziyev esa bugun prof ringdagi ikkinchi g‘alabasiga erishdi. Hamyurtimiz debyut jangini 13 iyun kuni o‘tkazgan va o‘shanda ham birinchi raundda argentinalik Martin Riosni nokautga uchratgan edi.