Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bugun tug‘ilgan kun

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Obloqul Usmonqulov 1938 yil 20 mayda Payariq tumanida tug‘ilgan.

1962 yilda Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetida, 1976 yilda Samarqand qishloq xo‘jalik institutining agronomiya fakultetida o‘qigan.

Obloqul aka 1954 yilda mehnat faoliyatini tuman gazetasidan boshlab, viloyat, respublika ommaviy axborot vositalarida ishlagan. Tajribali jurnalist 30 yil davomida O‘zbekiston radiosining Samarqand viloyati bo‘yicha muxbiri, muxbirlar punktining mudiri-katta muharriri sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

1989 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni, 2013 yilda esa “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.

Mahoratli jurnalist salkam oltmish yillik mehnat faoliyati davomida viloyatning barcha sohasidagi yangiliklar, o‘zgarishlarni o‘z eshittirishlari va maqolalari orqali yoritib kelmoqda.

Ustoz nafaqaga chiqib ham faoliyatini davom ettirdi. Jumladan, uning tashabbusi bilan “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat va shahar bo‘limlari hamkorligida 2003 yilda viloyat teleradiokompaniyasida “Nuroniy” studiyasi tashkil etgan. 10 yil davomida bu studiyaning 150 ta ko‘rsatuvi tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan.

Tajribali otaxon jurnalist bugun 82 yoshda ham keksalikni tan olmay jurnalistika sir-asrorlarini shogirdlariga o‘rgatib kelmoqda.