Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Deputatlar avtomobillar narxini oshirishi mumkin bo‘lgan qonun loyihasini rad etishdi

O‘zLiDep fraksiyasining yig‘ilishida deputatlar avtomobillar narxiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar. Bu haqda deputat Rasul Kusherbayev o‘zining rasmiy Telegram-kanalida ma’lum qildi.

"Kunning birinchi yarmida ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida avtomobillar utilizatsiyasi uchun "utilizatsiya yig‘imi"ni joriy etishga qaratilgan qonun loyihasi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida deputatlar tomonidan qattiq e’tiroz va ikkilanishga sabab bo‘ldi.

So‘zga chiqqan deputat hamkasblarimiz mutaxassislardan bunaqa tartibni kiritishni asoslab berishni so‘rashdi, biroq tayinli javob bo‘lmadi.

Men ham bunaqa yig‘imni joriy qilishda ekologik vaziyatni yaxshilash bosh maqsad ekanligiga shubham borligini bildirdim. Shundoq ham qimmat avtomobillar utilizatsiya yig‘imi joriy qilinsa yanada qimmatlashmasligiga kim kafolat beradi? "Ekologiya" juda yaxshi bahona topildi.

Xullas fraksiya a’zolarining e’tirozlaridan ko‘rindiki qonun loyihasi ovozga qo‘yilsa qo‘llab quvvatlanmaydi, shu bois iltimosga ko‘ra, ma’lum muddatga kun tartibidan chiqarib tashlandi.

Bunaqa ko‘rinish va ahvoldagi loyihani yaqin orada o‘tkazmasak kerak. Agar yana... Xullas hammaga insof va chidam...", - deb yozgan deputat.