Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Dunyoda koronavirus yetib bormagan qit’a qolmadi

Antarktidada koronavirus infeksiyasi bilan birinchi kasallanish holatlari qayd etildi va shu tariqa dunyoda COVID-19 pandemiya «sharpasi» bormagan qit’a qolmadi. Bu haqda Chilining «La Tercera» gazetasi xabar bermoqda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirus Chilidagi «Xeneral-Bernardo-O‘Xiggins» antarktik stansiyasining 36 xodimida aniqlangan. Ularning 26 nafari harbiy, qolgan 10 nafari stansiyaga xizmat ko‘rsatuvchi pudratchi kompaniya ishchilari. Ularning barchasi evakuatsiya qilingan va shifokorlar nazorati ostida.

17 dekabr kuni noyabr oyi oxiri va dekabr boshlarida bazaga tashrif buyurgan “Sargento Aldea” kemasining uchta ekipaj a’zosi koronavirus bilan kasallangani aniqlandi.

Shunday qilib, koronavirus butun dunyoni «o‘ziniki» qilib oldi. Vaholanki, yaqindagina ruslarga koronavirusdan yashirinish uchun Antarktidaga «qochish»ni tavsiya qilishgan edi. O‘shanda tibbiyot fanlari doktori Vladislav Jemchugov ishonch bilan «Antarktida aholisi kam, aloqalar cheklangan, odamlari sog‘lomligi bois bu yoqqa virus «burnini tiqa» olmaydi, sovuq ham uning uchun o‘lim», deya ta’kidlagan edi.

Gulnora XOLDOROVA tayyorladi.