Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Endi texnikumni tugatganlar imtihonsiz OTMga o‘qishga qabul qilinadi

Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident Farmoni (PF-5812, 06.09.2019 y.) qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistonda Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uyg‘unlashgan yangi boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim tizimi hamda tabaqalashtirilgan ta’lim dasturlari joriy etiladigan ta’lim muassasalari tashkil etilib, mazkur dasturlar asosida tegishli kadrlar tayyorlaydigan ta’lim muassasalari ro‘yxatlari tasdiqlandi.

Bundan tashqari, Farmonga ko‘ra jami 388 ta kasb-hunar kollejlari binolari tegishli ro‘yxatga asosan maktab sifatida foydalanilishi belgilandi.

Boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim tizimida tegishli ta’lim dasturlari joriy etilgan kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlardan iborat professional ta’lim muassasalari tarmog‘i tashkil etiladi.

Bunda:
a) kasb-hunar maktablarida:

  • maktablarning 9-sinf bitiruvchilariga 2 yillik kunduzgi ta’lim beriladi;
  • ta’lim olayotgan o‘quvchilar Davlat byudjeti hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida oylik stipendiya hamda uch mahal ovqat bilan ta’minlanadi.

b) kollejlarda:

  • kamida umumiy o‘rta ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslarga kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yilgacha muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllarida davlat buyurtmasi hamda to‘lov-kontrakt asosida ta’lim beriladi.

v) texnikumlarda:

  • umumiy o‘rta ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslarga kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yildan kam bo‘lmagan muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllarida davlat buyurtmasi hamda to‘lov-kontrakt asosida ta’lim beriladi;
  • texnikumlarni tamomlagan bitiruvchilar o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy ta’lim muassasalarida 2-kursdan o‘qishini davom ettirish huquqiga ega bo‘ladi.