Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Genri Ford: Haqiqiy qadriyatlarni soxta narsalardan ajrata olganligim sabab millioner bo‘lganman

Bir kuni Genri Ford Angliyaga ish bilan keldi. Aeroportdagi axborotlar stolida u yaqin atrofda bo‘lgan arzon mehmonxona to‘g‘risida surishtirdi.

Gazetalarda Ford haqida tez-tez yozishardi. U esa bu yerda, eski plashda turib, arzon mehmonxona izlayapti. Shunda xizmatchi ikkilanib so‘radi:

-   Adashmasam siz mister Genri Fordsiz?

-   Shunday, - javob berdi u.

Xizmatchi hayron qoldi:

-   Yaqinda ushbu peshtaxta oldida o‘g‘lingizni ko‘rgandim. U eng qimmat xonaga buyurtma berdi. Siz esa arzon mehmonxonani so‘rayapsiz va... Kechirasizu, ohori to‘kilgan plash kiyib yuribsiz. Nahotki, shu darajada pulni tejasangiz?

Genri Ford biroz o‘ylanib, javob berdi:

-   Menga qimmat mehmonxonada yashashning hojati yo‘q. Chunki ortiqcha pul to‘lashning sababini ko‘rmayapman. Qayerda bo‘lsam ham men Genri Fordman va mehmonxonalardagi katta farqni bilmayman. Arzon mehmonxonada ham qimmat mehmonxonadagidek yaxshi dam olsa bo‘ladi. Ha, bu plash – siz haqsiz, bir paytlar uni otam kiygan edi. Men uchun buning ahamiyati yo‘q. Chunki men hatto shu plashda ham Genri Fordman.

O‘g‘lim esa hali yosh va tajribasiz. Shuning uchun u arzon mehmonxonada qolsa, odamlar nima deb o‘ylashidan qo‘rqadi.

Boshqalarning men haqimdagi fikri meni tashvishga solmaydi. Chunki men o‘z qadr-qimmatimni bilaman. Men pulni sanab, haqiqiy qadriyatlarni soxta narsalardan ajrata olganligim sabab millioner bo‘lganman.

Bahora MUHAMMADIYeVA tayyorladi.