Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kitoblarga mehrim o‘zgacha

Kutubxona – g‘oyalar maskani. U yerda saqlanayotgan har bir kitob ilm ummonidan bir zarra. Qadimgi qo‘lyozmalarning, bosma kitoblarning, tarixiy shaxslar haqidagi manbalarning bizgacha yetib kelishida kutubxonaning alohida o‘rni bor.

Prezidentimizning 2019 yil 7 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori kitob o‘qish madaniyatini shakllantirishga, kutubxonalar faoliyatini tubdan takomillashtirishga, kutubxonachilarning mehnati e’tirof etilishiga zamin yaratdi. Ushbu qaror biz, kutubxonachilar bilan bir qatorda aholini ham quvontirdi.

Chunki chekka hududlarda, qishloqlarda, mahallalarda kutubxona, tumanlar markazlarida AKMlar tashkil qilinishi borasida aholi bilan suhbatlashganimizda ularning aksariyati kutubxonalar ochilishidan xursand ekanligini ta’kidlashdi.

Kitob o‘qib, har bir asarning ichki olamiga kirishda kutubxonalarning shinam va qulayligi juda muhim. Endi kutubxonalarimiz zamonaviy qiyofa kasb etadi. Qarorda axborot-kutubxona markazlari kompyuter texnikasi va boshqa turdagi mebel jihozlari, shuningdek, tegishli kutubxona uskunalari, yordamga muhtoj insonlar hamda imkoniyati cheklangan shaxslarga xizmat ko‘rsatish uchun o‘quv zallarini maxsus kompyuterlar va boshqa qo‘shimcha vositalar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.

Kitobxonlarga qulaylik yaratish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda axborot-kutubxona markazlari faoliyatining reglamenti ishlab chiqilib, bunda aholiga kuni uzaytirilgan tartibda xizmat ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi.

Bizni quvontirgani, qarorda Prezidentimiz tomonidan 21 may - Kutubxonachilar kuni deb e’lon qilinishi hamda kutubxonachilar faoliyati alohida e’tirof etilgani bo‘ldi. Shuningdek, ko‘p yillik halol mehnati va axborot-kutubxona sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun kutubxonachilarning davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi, bir necha yillik orzularimiz ro‘yobi edi. Bu esa o‘z navbatida, mutaxassislar yelkasiga mas’uliyat ham yuklaydi.

Nasiba MIRZAYeVA,

Pushkin nomidagi Samarqand viloyat axborot-kutubxona markazi foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi rahbari.